Shavkat Mirziyoyev Putin bilan uchrashuv oʻtkazdi
Shuningdek, Oʻzbekiston rahbari “Kelajak oʻyinlari” musobaqasining ochilish marosimida ishtirok etdi.

21 fevral kuni Qozon shahriga amaliy tashrif doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Rossiya Prezidentini sportning anʼanaviy va virtual turlarini oʻzida mujassam etgan “Kelajak oʻyinlari” birinchi xalqaro musobaqasi oʻtkazilayotgani bilan samimiy qutladi.
Ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb jihatlari, jumladan, oʻtgan yil 5-7 oktabr kunlari Moskva shahrida oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari koʻrib chiqildi.
Yetakchilar Oʻzbekiston bilan Rossiya oʻrtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari izchil mustahkamlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
2023 yilda boʻlib oʻtgan Hukumatlararo komissiya yigʻilishlari, hududlar, taʼlim, tibbiyot forumlari, qator boshqa ishbilarmonlik va madaniyat tadbirlarining samarali natijalari yuksak baholandi.
Tovar ayirboshlashning ijobiy surʼati saqlanib qolmoqda. Sanoat, energetika, transport, kimyo, farmatsevtika va boshqa tarmoqlardagi loyihalar faol bosqichga kirgan.
Hududlar oʻrtasidagi kooperatsiya aloqalarini ragʻbatlantirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Toshkent va Jizzax viloyatlarida "Ximgrad" industrial texnoparklari muvaffaqiyatli ishlamoqda. Buxoro va Navoiy viloyatlarida yangi “Alabuga” va “Master” innovatsiya parklari barpo etilmoqda.
Davlat rahbarlari transport yoʻlaklarini birgalikda rivojlantirish, temir yoʻl transporti sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar.
Mintaqaviy kun tartibi yuzasidan ham fikr almashildi, boʻlajak xalqaro tadbirlar rejasi koʻrib chiqildi.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Qozon shahrida “Kelajak oʻyinlari” birinchi xalqaro multisport musobaqasining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi.
“Qozon Ekspo” xalqaro koʻrgazmalar markazida boʻlib oʻtgan tadbirda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozogʻiston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirgʻiziston Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon va boshqa xorijiy mehmonlar ham qatnashdi.
Ishtirokchilar eʼtiboriga “Kelajak oʻyinlari” dasturiga kirgan sport turlari haqida videolavha va teatrlashtirilgan sahna koʻrinishi taqdim etildi.
Davlat rahbari ishtirokchilarga omad tilab, 2026 yilgi “Kelajak oʻyinlari”ni Oʻzbekistonda oʻtkazishni taklif qildi.
Marosimdan soʻng oliy martabali mehmonlar maxsus koʻrgazma bilan tanishdilar. Virtual makondagi bellashuvlar va anʼanaviy sportni oʻzida mujassam etgan “fijital-sport” konsepsiyasi toʻgʻrisida maʼlumot berildi.
Yetakchilar kibersport musobaqalarini, fijital-futbol boʻyicha mashgʻulotlar jarayonini kuzatdilar, sportdagi yangi yoʻnalishning bugungi rivoji va istiqbollari haqida hikoya qiluvchi tasviriy sanʼat namunalari va taqdimotlar bilan tanishdilar.
“Kelajak oʻyinlari” – bellashuvlar bir vaqtning oʻzida sportning anʼanaviy turlari va ularning raqamli muqobillarida oʻtkaziladigan yuqori texnologik musobaqadir. U joriy yilning 21 fevral kunidan 3 mart kuniga qadar davom etadi.
Turnirda 100 dan ortiq mamlakatdan qariyb 300 ta jamoa, shu jumladan Oʻzbekiston vakillari ishtirok etmoqda. Yurtdoshlarimiz fijital-xokkey, virtual velopoyga, sport dasturlash kabi yoʻnalishlarda kuch sinashadi.
Shu bilan Shavkat Mirziyoyevning Qozon shahriga amaliy tashrifi doirasidagi tadbirlar yakuniga yetdi. Davlat rahbari Toshkentga joʻnab ketdi.