Harbiy sanoatdan oʻyin sanoatiga – Tetris

Bu oʻyin nafaqat aqlni charxlash, tez qaror chiqarishni oʻrgatadi, balki eng koʻp tarqalgan bir kasallikni davolashda ham yordam beradi.

Tahlil
21-fevral, 14:18
Harbiy sanoatdan oʻyin sanoatiga – Tetris

«Tetris» oʻyini haqida bilmagan odam kam. 1984 yilda yaratilgan bu videooʻyin sotilgan nusxalari boʻyicha Minecraft (300 mln.), GTA V (195 mln.) dan keyin uchinchi oʻrinda turadi! Hozirgacha bu oʻyin 100 mln. ziyod nusxada sotilgan.

Oʻyin murakab emas, darrov oʻziga jalb etib, soatlab qoʻyib yubormaydi. Shart oddiy – tepadan oʻz holicha tushayotgan shakllarni imkon qadar baqamti joylashtirish kerak. Yaxshi taxlangan devor yedirilib ketadi va yangi qator uchun joy ochiladi. Aks holda devor balandlashib, yangi shakllar uchun joy qolmaydi va oʻyinchi yutqazadi. Har bir joylashtirilgan shakl va taktik muvaffaqiyat uchun ochko (ball) beriladi.

Jarroh ham, qassob ham pichoq ishlatadi

Qizigʻi shundaki, «Tetris» oʻyini aslida harbiy sanoatga xizmat qilgan muassasada yaratilgan.

Maʼlumki, har qanday kashfiyot dunyo yuzini koʻrgach, uni boshqa maqsadlarda ham qoʻllab koʻrishga urinishadi. Masalan, dinamit avval togʻ-kon va yoʻl qurilishi ishlariga yordam berish – katta qoyatoshlarni portlatib, yoʻl ochish uchun yaratilgan. Ammo u harbiy sohaga oʻtib, odamlarni qirgʻin etishga xizmat qila boshladi.

Atom-yadro quvvatini jilovlash, insoniyatga arzon va doimiy energiya taqdim etish borasidagi ilmiy tadqiqotlar esa oxirida yana oʻsha odamlarni qirgʻin qilishga moʻljallangan atom bombasi ishlab chiqarish uchun qoʻllanildi.

Lekin baʼzan buning teskarisi ham boʻladi: harbiy soha uchun moʻljallangan kashfiyotlar koʻngilochar maqsadlarga xizmat qiladi.

Masalan, radar ustida ishlagan olimlar mikrotoʻlqinlarning qizitish xususiyatini ham payqab qolib, hozirgi mikrotoʻlqinli pechlarni yaratishdi.

Yoki kompyuter ixtiro qilinishiga sabab boʻlgan maqsad – ikkinchi jahon urushi davrida fashistlar Germaniyasi armiyasining maxfiy kodli xabarlarini deshifrlash boʻlgan. Biroq oradan hech qancha oʻtmay, radar tizimining bir qismi boʻlgan ossillograflar bazasida ilk videooʻyinlar yaratildi.

1962 yilda yaratilgan ilk videooʻyin – Spacewar!

Keyinchalik kompyuter oʻyinlariga talab ortgani bois, bir paytlar harbiy buyurtmalarni bajargan firmalar batamom oʻyin sanoatiga oʻtib ketishdi.

Bor kuchini harbiy sanoatni rivojlantirishga sarflagan SSSRda ham shunday holat roʻy bergan. Garchi SSSR ilm-fani deyarli barcha ixtiro va kashfiyotlarni Gʻarbdan oʻgʻirlagan boʻlishiga qaramay, bir loyiha borki, uni hech ikkilanmay “sovet mahsuloti” deb atasak boʻladi.

1980 yillar oxirida SSSRdagi siyosiy iqlim biroz yumshagach, harbiy zavodlar va maxfiy ilmiy-tekshirish institutlari oldiga “xalq isteʼmoli mollarini” ishlab chiqarish vazifasi qoʻyiladi. Ular mamlakatda defitsit boʻlgan, xorijdan olib kelish qimmatga tushadigan, aniqrogʻi, mualliflik huquqi bilan bogʻliq muammolarga sabab boʻluvchi videooʻyin avtomatlarini ishlab chiqara boshladi. Toʻgʻri, ularga oʻrnatilgan oʻyinlarning deyarli barchasi AQSh va Yevropada yaratilgan esa-da, sovet kompyuter dasturchilari uchun ilhom manbai sifatida xizmat qildi.

“Oʻyindan oʻt chiqqan” kun

SSSR Fanlar akademiyasining Hisoblash markazida oddiy dasturchi boʻlib ishlagan muhandis Aleksey Pajitnov videooʻyinlar yaratishni xobbi qilib oladi. Garchi uning asosiy vazifasi sunʼiy ong borasida tadqiqotlar oʻtkazish boʻlsa-da, hali ishlov berilmagan gʻoyalar ustida bosh qotirib yurardi. Pajitnov biror yangi oʻyin yaratib, boyib ketish yoki mashhur boʻlishni maqsad qilmagan. Har holda u oradan bir necha yil oʻtib, AQShda turib bergan intervyularida shunday degan.

Aleksey Pajitnov

Oʻsha davrlarda sovet odamlari orasida domino, trimino, tetramino va pentamino kabi boshqotirma oʻyinlar mashhur edi. Ayniqsa pentamino ilm ahli uchun aqliy mashgʻulot oʻrnini bosgan. Chunki yangi shakllarni va yurishlarni oʻylab topish juda maroqli boʻlgan.

Aleksey Pajitnov ham kunlardan bir kun pentamino oʻyiniga diqqat qaratadi. Stol ustida oʻynaladigan bu oʻyinda yogʻoch yoki plastmassadan yasalgan shakllarni maʼlum oʻlchamdagi qutiga sigʻdirib, joylashtirish talab etiladi.

Pajitnov bu oʻyinni oʻsha paytdagi eng sodda sovet kompyuteriga (aslida u ham KGB josuslarining IBM dan oʻgʻirlagan sxemalari asosida yaratilgan) moslashtirishga urinib koʻrdi. Paskal dasturlash tilida kerakli algoritmlarni yozib chiqdi. Garchi yangi oʻyin pentaminoga unchalik oʻxshamasa-da, asosiy gʻoya asos qilib olingan edi.

“Tetris”ning “Elektronika-60” kompyuterida yaratilgan eng birinchi talqini.

Muhandis bu oʻyinni hamkasb doʻstlariga koʻrsatadi. Oʻyin ularga yoqadi va boshqalarga ham disketlarga yozib tarqatishadi. Shu tariqa deyarli butun sovet xalqi (kompyuteri borlari, albatta) «Tetris» oʻyiniga mukkasidan ketadi. Oradan bir necha oy oʻtib, ushbu oʻyin butun dunyo boʻylab tarqaladi.

Bu shov-shuv vengriyalik dasturiy taʼminot importchisi Robert Steynga ham yetib boradi. Steyn darrov Moskvaga keladi va Aleksey Pajitnovni topadi. Steyn oʻyinni rasmiy ravishda, koʻp nusxada tarqatish uchun Pajitnovdan ruxsat oladi. Nimadir sababga koʻra, Pajitnov unga tekinga ruxsat beradi. Uddaburon Robert Steyn esa bu oʻyinni bemalol koʻpaytirib sotish imkoniyatini qoʻlga kiritdim, degan fikrga keladi.

Litsenziya muammolari

Robert Steyn «Tetris» uchun huquqlarni buyuk britaniyalik mediamagnat Robert Maksvellga tegishli Mirrorsoft kompaniyasiga sotadi. Biroq global ishlab chiqarish uchun haqiqiy mualliflik huquqiga ega tashkilotdan ruxsat olish talab etiladi. Natijada Steyn yana Moskvaga uchib keladi. Garchi Aleksey Pajitnov «Tetris»ni oʻzi yaratgan boʻlsa-da, u mehnat qilayotgan Hisoblash markazi “asil muallif” bizmiz, deb “oyoq tirab” oladi.

SSSRda elektron mahsulotlar davlatga qarashli «ELORG» («Elektronorgtexnika») tashkiloti tomonidan eksport qilingan. «ELORG» esa Steyn taklif etgan shartlarga rozi boʻlmagani bois oʻyinga huquqlarni sotmaydi.

“Tetris” oʻyin avtomati.

Bu Maksvellni toʻxtatib qola olmaydi. U Steynning Pajitnovdan olgan roziligini asos qilgan holda, «Tetris»ni oʻzgartirib va takomillashtirib (musiqa va dizaynini yaxshilab) ommaviy ravishda ishlab chiqarib sota boshlaydi.

Boshqa vaziyatda shu bilan Pajitnov qissasi tugagan va muhandis nomi chiqmasdan va oʻz ixtirosidan foyda olmasdan oʻlib ketishi ham mumkin edi. Biroq AQShning CBS telekanali shov-shuv boʻlgan oʻyin muallifi Pajitnov bilan intervyu uyushtiradi. Natijada barcha daʼvogarlar hushyor tortishadi.

1989 yilga kelib, «Tetris» litsenziyasi uchun kurashlar avj oladi. Oʻsha paytda 6 kompaniya «Tetris»ni turli kompyuter, oʻyin konsollari va choʻntak oʻyin tizimlari uchun qoʻllashga eksklyuziv huquqlari borligini daʼvo qiladi. Biroq «ELORG» ularga aynan oʻyin avtomatlarida qoʻllash uchun ruxsat bermaganini bildiradi. «ELORG» bu huquqni Atari kompaniyasiga sotadi. Turli kompaniyalar oʻrtasida litsenziya borasida sudlashuvlar boshlanadi va ularda Nintendo yutib chiqadi.

Nintendo’ning GameBoy choʻntak konsoli va “Tetris” oʻyini kartriji.

Nintendo «Tetris»ni oʻsha paytdagi inqilobiy choʻntak oʻyin tizimi – GameBoy chiqarib, unga «Tetris»ni qoʻshadi. Kompaniya bundan millionlab dollar foyda oladi. Biroq Aleksey Pajitnov 1996 yilga kelibgina, SSSR tarqalib, «ELORG» xususiylashtirilgach, avvalgi litsenziyalar muddati tugagachgina, biroz foyda ola boshlaydi.

Ushalgan va ushalmagan orzular

1996 yilda sovet muhandisi Nintendo bilan tuzilgan shartnomalarda vositachilik qilgan amerikalik Xenk Rojers bilan birga The Tetris Company LLC va Blue Planet Software kompaniyalarini ochishadi va Tetris brendidan foyda koʻrishga urinishadi. The Tetris Company LLC (TTC) Tetris soʻzini tijorat belgisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazishadi. Kompaniyalar TTS’dan bu soʻzni oʻyinlarida ishlatish huquqini sotib ola boshlashadi. Garchi «Tetris» 1984 yilda yaratilib, bir necha shaxs kompaniyalarni multimilloner qilgan boʻlsa-da, orada 12 yil oʻtibgina uning asl muallifi oʻyindan emas, uning nomini sotishdan biroz foyda koʻradi.

Biroq bu mablagʻlar yashash uchun yetarli boʻlmagani bois, oradan biroz oʻtib, Aleksey Pajitnov Microsoft kompaniyasiga ishga kiradi. Uning rahbarligi ostida yangi mahsulotlar – Pandora’s Box boshqotirmalar turkumi ishlab chiqiladi.

Aleksey Pajitnov 2005 yilgacha Microsoft kompaniyasida mehnat qiladi. Hozirda 68 yoshni qarshilayotgan Pajitnov nafaqada, AQShda yashaydi. Uning niyati “xolis” boʻlgan ekan: u «Tetris»ni ishlab chiqqanida katta daromad olishni niyat qilmagan – hozirgacha bevosita «Tetris» oʻyini sotilishidan 1 sent ham ulush olmadi!

Lekin ikkita armoni tirikligida ushaldi:

  • Shu paytgacha «Tetris»ning koʻp oʻyinchilar tomonidan oʻynash mumkin boʻlgan variantini yaratish natija bermagan edi. Chunki figuralar juda tez tusha boshlasa, sheriging oʻyini bilan qiziqishga vaqt qolmaydi. Biroq 2019 yilda Nintendo Switch konsolida Tetris 99 nomli shunday oʻyin paydo boʻldi.
  • «Tetris»ning “tubiga yetish”, unda gʻolib boʻlish imkonsiz, deb hisoblanar edi. Yaqinda – 2024 yil 4 yanvar kuni AQShning Oklaxoma shtatida yashovchi 13 yashar oʻquvchi Uillis Gibson oʻzining YouTube kanalida original “Tetris” oʻyinining oxiriga yeta olganini namoyish qilib rekord oʻrnatdi. Gibson 38 daqiqa oʻynab, «Tetris»ning 157-bosqichiga chiqa olgan va 9999999 ball yiqqan. Aslida oʻyin cheksiz davom etishi mumkin, biroq oʻyin dasturi kodidagi cheklov tufayli qotib qoladi va bu oʻyinchining gʻalabasini anglatadi.

Taʼkidlash kerak, shu paytgacha «Tetris» ixlosmandlari 29-bosqichdan naryogʻiga oʻta olishmagan.

Gibsonni bu muvaffaqiyati bilan shaxsan oʻyin muallifi Aleksey Pajitnov va uning hamkori Xenk Rojers onlayn videochatda samimiy tabriklashgan.

«Tetris»ning boshqa xususiyatlari

«Tetris»ni oʻynab nafaqat dam olish va rekord oʻrnatib mashhur boʻlish, balki gʻilaylikka olib boruvchi ambliopiya – “lanj koʻz” sindromini ham davolash mumkin ekan.

Maʼlumki, ushbu sindromda bitta koʻz soqqasi ikkinchisi bilan baravar harakatlanmaydi va natijada binokulyar koʻrish buziladi, tasvir ikkilanadi. Koʻz harakatdan qolib, gʻilaylikni keltirib chiqaradi.

Kanadaning Makgill universiteti olimlarining Current Biology ilmiy jurnalida chop etilgan tadqiqot natijalarida maʼlum qilishicha, «Tetris» oʻynash har ikki koʻzni ham mashq qildiradi va baravar ishlashga majburlaydi.

Ammo “Tetris”ning eng muhim foydasi – aqlni charxlaydi, tez qaror qabul qilish xususiyatlarini rivojlantiradi. Garchi oʻyin sanoati yildan-yilga murakablashib ketayotgan boʻlsa-da, eski va qadrdon “Tetris” yana koʻp yillar insoniyatga foyda keltirishiga shubha yoʻq.

Abulfayz Sayidasqarov tayyorladi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+