Bosh vazir kotibiyati departamentiga rahbar tayinlandi
U 2019 yildan buyon Fargʻona viloyati hokimi oʻrinbosari sifatida ishlab kelayotgandi.
Fayzullajon Saʼdullayevich Qosimov Bosh vazir kotibiyati “Mahalla yettiligi”, yoshlar siyosati va maʼnaviyat masalalari departamentining rahbari etib tayinlandi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori eʼlon qilindi.
Tayinlovga qadar u Fargʻona viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari lavozimida ishlagan. Bu lavozimga u 2019 yilda tayinlangandi.
Fayzulla Qosimov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini bitirgan. Fargʻona viloyati Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bosh boshqarmasi boshligʻi, viloyat fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha kengash raisining diniy-maʼrifiy masalalar boʻyicha oʻrinbosari, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Kam taʼminlangan oilalarga nafaqalar toʻlanishini monitoring qilish boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari kabi vazifalarda ishlagan.
Eslatib oʻtamiz, sobiq AKT vaziri Shuhrat Sodiqov oy boshida Bosh vazir kotibiyati rahbari etib tayinlangandi.