platina.uz

2,5 mlrd. soʻmga yaqin davlat xaridlari bekor qilindi

Xaridlar boʻyicha  aybdor shaxslar intizomiy javobgarlikka tortilgan.

Davlat xaridlari
20-fevral, 19:02
2,5 mlrd. soʻmga yaqin davlat xaridlari bekor qilindi

Aksilkorrupsiya agentligi xabariga koʻra, 2,5 mlrd. soʻmga yaqin davlat xaridlari bekor qilindi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining masofaviy monitoring tartibidagi oʻrganishlarida quyidagi davlat buyurtmachilari tomonidan amalga oshirilgan davlat xaridlarida qonunchilik talablari buzilishiga yoʻl qoʻyilganligi aniqlandi:

- Xovos tuman yoʻllardan foydalanish unitar korxonasi buyurtmachiligida joriy yilning 10 yanvar kuni yuk tashish xizmatini koʻrsatish boʻyicha oʻtkazilgan 700,0 mln soʻmlik davlat xaridi;

- Andijon viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazi buyurtmachiligida autsorsing xizmati koʻrsatish boʻyicha oʻtkazilgan 174,0 mln soʻmlik davlat xaridi ;

- Toshkent viloyati ixtsoslashtirilgan somatika shifoxonasi buyurtmachiligida qurilish mahsulotlari xarid qilish boʻyicha oʻtkazilgan 1,5 mlrd soʻmlik davlat xaridi.

Ushbu davlat xaridlarida qatnashgan tadbirkorlarning hujjatlari xarid komissiyasi raisi va aʼzolari foydalangan qurilma (IP-manzillari bir xil) orqali elektron platformaga yuklangan.

Natijada “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonunning 10-moddasi (raqobat va xolislik prinsipi), 14-moddasi (manfaatlar toʻqnashuvi), 20-moddasi (xarid komissiyasining huquq va majburiyatlari), 46-moddasi (davlat xaridlari jarayonidagi cheklovlar) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat xaridlarini amalga oshirish bilan bogʻliq tartib-taomillarni tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi Qarori bilan tasdiqlangan Nizomning bir qator talablari buzilishiga yoʻl qoʻyilgan.

Mazkur holatlar boʻyicha xarid komissiyasining gʻolibni aniqlash bayonnomalarini bekor qilish toʻgʻrisida buyurtmachilarga agentlikning taqdimnomalari kiritildi va toʻplangan hujjatlar qonuniy chora koʻrish uchun Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga yuborildi, deyiladi xabarda.

Agentlikning taqdimnomalariga binoan yuqoridagi davlat xaridlari boʻyicha xarid komissiyasining bayonnomalari bekor qilinib, aybdor shaxslar intizomiy javobgarlikka tortilgan.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+