1 oktabrdan nafaqa va yordamlar “ijtimoiy karta” orqali beriladi
Unga avvalo “Saxovat va koʻmak”, “Ayollar”, “Yoshlar” daftarlari jamgʻarmalari oʻtkaziladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida ijtimoiy himoya sohasidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda. Unda aytilishicha, 1 oktabrdan aholiga koʻrsatiladigan barcha ijtimoiy yordamlarni “ijtimoiy karta” orqali moliyalashtirishni joriy etiladi.
Bunda, eng avvalo, “Saxovat va koʻmak”, “Ayollar”, “Yoshlar” daftarlari jamgʻarmalari, keyinchalik bosqichma-bosqich 74 turdagi ijtimoiy nafaqa va yordamlar oʻtkaziladi.
Ushbu karta orqali transport va kommunal sohalardagi imtiyozlardan ham foydalanish mumkin boʻladi.
Yigʻilishda nogironligi boʻlgan shaxslarni tibbiy va ijtimoiy reabilitatsiya qilish, kasbga oʻrgatish orqali toʻlaqonli hayotga qaytarishga eʼtibor sustlashib ketgani tanqid qilindi.
Nogironligi bor shaxslar ishlashi mumkin boʻlgan kasblar roʻyxati zamon talablaridan kelib chiqib qayta koʻrib chiqilmagani sababli ular oʻzining mehnat salohiyatini toʻliq roʻyobga chiqara olmayapti.
Ogʻir ijtimoiy ahvoldagi odamlarni hayotga ilhomlantiradigan, ragʻbat uygʻotadigan taʼsirchan kontent, sheʼr, qoʻshiq, film va boshqa badiiy asarlar yaratilmayapti.
Oʻzbekiston 2021 yilda Nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyaga qoʻshilgani tarixiy voqea boʻldi va undagi majburiyatlarni bajarish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, viloyat va tuman hokimlari ushbu shaxslarga yordam berish, ularning uyushmalari va tashkilotlari bilan muloqot qilish, sharoit yaratish bilan yetarlicha shugʻullanamayotgani koʻrsatib oʻtildi.
Ayrim vazirlik, idoralar va viloyat hokimliklarda nogironligi boʻlgan birorta odam ishga olinmagani tanqid qilindi.