Uch tumanga hokimlar tayinlandi
Shuningdek, Navoiy viloyati hokimi oʻrinbosarlaridan biri oʻzgardi.

Uch tumanga hokim va bir viloyat hokimiga oʻrinbosar tayinlandi.
Jumladan, Chust tumani hokimi Xamdamov Bekzod Ismoiljonovich lavozimidan ozod etildi. Uning oʻrniga Baxtiyorjon Salimjonov lavozimga tayinlandi.
Tayinlovga qadar u Kosonsoy tumani hokimining sanoatni rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo boʻlimi boshligʻi boʻlib ishlagan.
Oʻz navbatida Bekzod Hamdamov 2020 yildan buyon Chustga rahbarlik qilib kelayotgandi.
Aziz Ergashev Baxmal tumani hokimi lavozimiga tayinlandi. Tayinlovgacha Jizzax shahar hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari edi.
Gʻanijon Soliyev esa Bagʻdod tumani hokimi lavozimiga tayinlandi. Tayinlovgacha u hokim yordamchisi boʻlib ishlagan.
Avvalgi hokim Yusufjon Xusainov 8 fevralda lavozimidan ozod etilgandi.
Shuningdek, Elbek Gʻafforov Navoiy viloyati hokimi oʻrinbosari — investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi boshligʻi lavozimiga tayinlandi.
Bu vazifada 2023 yil may oyidan buyon Islomiddin Norimov ishlab kelayotgandi.