Toshkentda 14,2 mlrd. soʻmlik tabiiy gaz oʻgʻirlandi
Mazkur holat sabab jinoyat ishi ochilgan.

Toshkentda 14,2 mlrd. soʻmlik gaz yashirincha talon-toroj qilingani aniqlandi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Toshkent shahar boshqarmasi, Toshkent shahar prokuraturasi hamda DXX xodimlari tomonidan hamkorlikda tergovga qadar tekshiruv oʻtkazilgan.
Unda Mirzo Ulugʻbek va Qibray tumanlari gaz taʼminoti boʻlimi masʼul shaxslari hududdagi gaz quvurlariga ulanish ahvolini oʻz vaqtida koʻzdan kechirib, oʻrganish ishlarini olib bormaganliklari oqibatida “M.O.” MChJ rahbari O.X. va boshqalar tomonidan “Doʻstlik” MFY hududidagi yer osti yuqori bosimli gaz quvuriga yashirincha ulanib, MChJ issiqxonasida tabiiy gazdan yashirincha foydalanib, davlat va jamiyat manfaatlariga 14,2 mlrd soʻm zarar yetkazganliklari aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (oʻgʻrilik) va 207-moddasi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.
Avvalroq ob-havoning keskin sovib ketishi oqibatida gaz zapravkalariga cheklovlar oʻrnatilgandi.