Sanoat zonalari uchun 1,5 trln. soʻm ajratiladi
Shavkat Mirziyoyev past quvvatda ishlayotgan korxonalarni qoʻllab-quvvatlashga oid taqdimot bilan tanishdi.

Sanoat zonalaridagi infratuzilmani yaxshilash uchun 1,5 trln. soʻm ajratiladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 19 fevral kuni hududlarda iqtisodiy oʻsishni taʼminlash, past quvvatda ishlayotgan korxonalarni qoʻllab-quvvatlashga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Bu haqda shu yil yanvarda makroiqtisodiy barqarorlik tahlili boʻyicha oʻtgan videoselektor yigʻilishida topshiriq berilgan edi. Unga muvofiq, hududlarda ishga solinmagan qoʻshimcha imkoniyatlar, tadbirkorlarning muammo va takliflari oʻrganildi.
Masalan, Qashqadaryo viloyatidagi Mirishkor kanaliga qoʻshimcha nasos va lotoklar oʻrnatish orqali Qarshi tumanida 600 gektar yerni oʻzlashtirish mumkin. Bu kastor loviyasi yetishtirib, uning moyini ishlab chiqarish, 1 ming 400 kishining bandligini taʼminlash imkonini beradi.
Ayrim sanoat zonalarida infratuzilma quvvatini yaxshilash zarur. Shu maqsadda joriy yilda byudjetdan 1,5 trillion soʻm ajratilishi belgilangan. Buning natijasida mazkur zonalarning jozibadorligi oshib, korxonalar faoliyati kengayadi va ish oʻrinlari koʻpayadi.
Sanoat korxonalariga yaqin boʻsh maydonlarda quyosh panellari oʻrnatib, ularga qoʻshimcha energiya yetkazib berish hamda tizimdagi yuklamani yengillatish imkoniyati bor.
Oʻzbekiston Prezidentining farmon va qarorlari bilan taqdim etilgan soliq va bojxona imtiyozlari korxonalar faoliyatiga ijobiy taʼsir qilgan. Masalan, tekstil uchun boʻyoq importida bojxona imtiyozi qoʻllanilgani hisobiga trikotaj mato, koʻylak, kostyum-shim tannarxi arzonlashgan. Taqdimotda ushbu imtiyozlar muddatini uzaytirish orqali erishilgan natijalarni mustahkamlash maqsadga muvofiqligi qayd etildi.
Davlat rahbari bu takliflarni maʼqullab, tegishli meʼyoriy hujjatlarni takomillashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. Mutasaddilarga barcha 208 ta tuman va shaharning “oʻsish nuqtalari”ni aniqlash, aholi daromadlarini oshirishga qaratilgan loyihalar tayyorlash vazifasi qoʻyildi.