platina.uz
Siyosat

Endi bir shaxs Senat raisligiga ikki martadan oshiq saylana olmaydi

Senat boʻyicha Konstitutsiyaviy qonunga oʻzgartirishlar kiritildi. 

Endi bir shaxs Senat raisligiga ikki martadan oshiq saylana olmaydi

Endi Oʻzbekiston Oliy Majlis Senati raisi faqat ikki marta lavozimga saylanadi. Prezident tomonidan imzolangan qonun (OʻRQ-909-son, 19.02.2024 y) bilan ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.

“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) toʻgʻrisida”gi qonunga kiritilgan qoʻshimchaga koʻra, Vakil Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritishga haqli ekanligi belgilandi.

“Referendum yakunlari hamda davlat hokimiyati tashkil etilishining asosiy prinsiplari toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy Qonuniga kiritilgan qoʻshimchaga koʻra, Qonunchilik palatasining deputati bir vaqtning oʻzida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlarining deputati boʻlishi mumkin emasligi belgilandi.

“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonunga kiritilgan oʻzgartirishga koʻra:

- Senat aʼzolari (senatorlar) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining tegishli qoʻshma majlislarida mazkur deputatlar orasidan yashirin ovoz berish yoʻli bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan teng miqdorda — toʻrt kishidan saylanadi.

- Senatning toʻqqiz nafar aʼzosi fan, sanʼat, adabiyot, ishlab chiqarish sohasida hamda davlat va jamiyat faoliyatining boshqa tarmoqlarida katta amaliy tajribaga ega boʻlgan hamda alohida xizmat koʻrsatgan eng obroʻli fuqarolar orasidan Prezident tomonidan tayinlanadi.

Shuningdek, Senat va uning organlari majlislarida Markaziy bank boshqaruvi raisi ishtirok etishi mumkin.

Bundan tashqari, ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq Senat Raisi boʻlishi mumkin emasligi belgilandi.

Senat Konstitutsiyaga muvofiq qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida Qonunchilik palatasiga kiritishga haqli.

Qonunchilik takliflarini tayyorlash, koʻrib chiqish va ularni Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi Senatining Reglamentida belgilanadi.

Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.

Eslatib oʻtamiz, 2019 yildan Senat raisi vazifasini Tanzila Norboyeva egallab kelgandi. U mazkur lavozimga 2020 yilda ham saylangan.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid