Davron Hidoyatov mahalliy byudjetdan katta mablagʻ ajratdi
Jumladan, Mudofaa boʻlimi uchun 150 million soʻm beriladi.

Chirchiq shahar hokimi Davron Hidoyatov bugun, 19 fevral kuni mablagʻ ajratish boʻyicha biryoʻla ikkita farmoyish imzoladi.
Birinchi farmoyishga koʻra, koʻchalarga axlat quti va oʻrindiqlar oʻrnatish (axlat quti 100 ta, oʻrindiqlar 50 ta) uchun 100 million soʻm, gul va daraxt koʻchatlarini xarid qilish uchun 300 million soʻm, shahar Obodonlashtirish boshqarmasi tasarrufidagi ichki yoʻllar va trotuarlarni yoritish tizimi uchun 200 million soʻm, GAZ-53 rusumli avtotransport vositasining taʼmiri uchun 35 million soʻm beriladi.
Ushbu pullar shahar mahalliy byudjetining 2024 yil boshida shakllangan erkin qoldiq mablagʻlari hisobidan beriladi.
Ikkinchi farmoyishga koʻra, Chirchiq shaxar Mudofaa ishlari boʻlimining tibbiy koʻrikdan oʻtkazish punktini jihozlash xarajatlari uchun 150 million soʻm beriladi.
Eslatib oʻtamiz, Davron Hidoyatov 2021 yil noyabrida, Toshkent viloyati hokimi lavozimini egallab turgan vaqtida Zulfiya Zokirova majmuasi uchun 28 milliard soʻmdan oshiq pul ajratishga qaror qilgandi. Ammo oʻsha oyda Hidoyatov ishdan olinib, uning oʻrniga Zoyir Mirzayev tayinlangan va majmuani qurish kechiktirilgani maʼlum qilingan.