Rossiya Ukrainadagi muhim shaharchani egallab oldi
Holat yuzasidan Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ham bayonot bergan.

Rossiya qoʻshinlari Ukrainaning Donetsk viloyatida joylashgan Avdeyevka shahrini toʻliq egallab oldi.
Kreml xabariga koʻra, Mudofaa vaziri Sergey Shoygu prezident Vladimir Putinga Avdeyevka nazoratga olingani haqida maʼlumot bergan.
"Vladimir Putin mudofaa vaziri Sergey Shoyguning Avdeyevkaning qoʻlga olinishi haqidagi hisobotini eshitdi.
17 fevral kuni general-polkovnik Andrey Mordvichev qoʻmondonligidagi Rossiya Qurolli Kuchlari qoʻshinlarining “Markaz” guruhi DXR (xalqaro miqyosda tan olinmagan)ning Avdeyevka shahrini toʻliq nazorat ostiga oldi" deyiladi xabarda.
Holat yuzasidan Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ham bayonot bergan. Uning aytishicha, mamlakat qurolli kuchlari askarlar hayotini saqlab qolish va qurshovga tushmaslik uchun shaharni tashlab chiqishga majbur boʻlgan.
Shuningdek, Ukraina tomoni Rossiya ushbu hududni egallashda 17 ming askaridan ayrilganini iddao qilmoqda. Rossiya tomoni oʻz navbatida 2022 yil sentabrdan buyon yoʻqotishlar haqida maʼlumot berganicha yoʻq.
Avdeyevka Donetsk viloyatidagi muhim nuqta sanaladi. U markaziy shahar Donetsk yaqinida joylashgan. Urushgacha shaharda 30 mingdan oshiq kishi istiqomat qilgan.
Avvalroq Rossiya urushga 261 milliard dollardan oshiq mablagʻ sarflagani xabar qilingandi.