platina.uz

Shavkat Mirziyoyev Andijonda yigʻilish oʻtkazmoqda

Prezident Andijon sanoat hajmi boʻyicha toʻrtinchi oʻringa koʻtarilganini qayd etdi. 

Jamiyat
16-fevral, 14:30
Shavkat Mirziyoyev Andijonda yigʻilish oʻtkazmoqda

Ayni paytda Xonobod shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalari yuzasidan yigʻilish oʻtkazmoqda.

Davlat rahbari viloyat jadal surʼatda rivojlanayotgani, sanoati boʻyicha respublikada toʻrtinchi oʻringa koʻtarilganini qayd etdi.

Viloyat yiliga 280 ming tonna paxta, 530 ming tonna gʻalla va 2,5 million tonna meva-sabzavot yetishtiradi.

Shu bilan birga, Andijonda hali ishga solinmagan imkoniyatlar va salohiyat juda katta ekani koʻrsatib oʻtildi.

Yigʻilishda qurilish, suv taʼminoti, yoʻl, koʻcha va mahallalarni koʻkalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlarini yangi bosqichga koʻtarish va bu borada Andijon tajribasini yaratish muhimligi taʼkidlandi.

Viloyatdagi mahallalarni meva-sabzavot, chorvachilik, hunarmandchilik, kasanachilik, sanoat, savdo va xizmatga chuqur ixtisoslashtirish boʻyicha dastur amalga oshiriladi.

Bu maqsadlarga 850 milliard soʻm kredit resurslari va 50 milliard soʻm subsidiya ajratiladi.

Davlatimiz rahbari qurilish sohasiga toʻxtalib oʻtdi.

Joriy yilda Andijonda 190 ta koʻp qavatli uy-joy qurib, 7 mingta oilani yangi xonadon bilan taʼminlash zarurligi qayd etildi.

Asaka tumanida “Yangi Oʻzbekiston” massivini tashkil etib, 68 ta uy qurish, Shahrixon tumanini ham “Yangi Oʻzbekiston” massivlari dasturiga kiritish rejalashtirildi.

Umuman, Andijon, Asaka va Shahrixon shaharlarida urbanizatsiya dasturi amalga oshirilishi, aholisi 100 mingdan oshadigan Asaka va Shahrixon shaharlari viloyat boʻysunuviga oʻtkazilishi belgilandi.

Ipoteka dasturi uchun Andijonga qoʻshimcha 100 million dollar ajratiladi.

Viloyatda transport xizmatlarini yaxshilash maqsadida mutasaddilarga:

- “Xonobod – Andijon – Izboskan – Asaka” temir yoʻl aylanmasida poyezd qatnovini yoʻlga qoʻyish;

- “Andijon – Qoʻqon”, “Andijon – Toshkent”, “Andijon – Termiz” va “Andijon – Qoʻngʻirot” yoʻnalishlarda poyezd qatnovini 2 karra oshirish;

- “Andijon – Shahrixon”, “Andijon – Asaka” va “Andijon – Doʻstlik” yoʻnalishida avtobus qatnovini 2 barobar koʻpaytirish topshirildi.

Viloyatda 35 ta transformator katta yuklama bilan ishlayotgani, Boʻston va Ulugʻnor tumanlarida elektr taʼminotidagi uzilishlar koʻpaygani koʻrsatib oʻtildi.

Shu bois Shahrixondagi podstansiyadan 23 kilometr elektr tarmogʻini tortib, 2 ta yangi podstansiya qurish topshirildi.

Shuningdek, Xitoy kompaniyalari bilan hamkorlikda Asakada 150 megavatt, kelasi yili 100 megavatt elektr saqlash tizimini ishga tushirish rejalashtirilgan, Andijon tumanida jami quvvati 400 megavatt boʻlgan quyosh stansiyalari qurilishi boshlanadi.

Ikki yilda 3 ta kichik va mikro GES qurilishini yakunlash, hindistonlik hamkorlar bilan “Shahrixonsoy” kanalida kinetik turbinali 2 ta mikro GESni ishga tushirish muhimligi taʼkidlandi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+