Dorixonalarda sertifikatlashtirilmagan dori sotilayotgani aniqlandi

Farmatsevtika boʻyicha markaz fuqarolarni ogohlantirdi. 

Jamiyat
16-fevral, 18:00
Dorixonalarda sertifikatlashtirilmagan dori sotilayotgani aniqlandi

SSV huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi sotuvda “Bar-VIPS” MChJ tomonidan ishlab chiqarilgan, ogʻiz orqali yuborish uchun suspenziya tayyorlash kukuni shaklidagi “Bar-VIPS” preparatining sertifikatlashtirilmagan 520723 seriyasi aniqlanganligi haqida xabar berdi. 

Ayni paytda markaz laboratoriyasida mazkur dori vositasining sifati tekshirilmoqda.

Maʼlumot uchun, “Bar-VIPS” dori preparatining quyidagi  seriyalari, yaʼni 500820, 530820, 510820, 520820, 540820, 370622, 380622, 480722 mamlakatimizda tibbiyot amaliyotida qoʻllashga ruxsat etilgan boʻlib, ularning sifatini tasdiqlovchi tegishli muvofiqlik sertifikatlari rasmiylashtirilgan.

Sertifikatlashtirilgan farmatsevtika mahsulotlari haqida quyidagi manzilda tanishishingiz mumkin.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi Oʻzbekiston hududida dori vositalari va tibbiyot buyumlarining chakana savdosi bilan shugʻullanuvchi (idoraviy mansubligidan, mulkchilik va boshqaruv shaklidan qatʼiy nazar) barcha tashkilotlarni ogohlikka chaqirib, “Bar-VIPS” preparatining sifatini tasdiqlovchi tegishli muvofiqlik sertifikatiga ega boʻlmagan, shu jumladan 520723 seriyasi, (yaroqlilik muddati 08.2025) aniqlanganda uni zudlik bilan sotuvdan chiqarib tashlashini soʻraydi.

"Shu oʻrinda, Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 21 fevraldagi 80-son qarori bilan tasdiqlangan “Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisida yagona nizom”ga muvofiq, dori vositalari va tibbiy buyumlarni muvofiqlik sertifikatlarisiz saqlash va (yoki) realizatsiya qilish litsenziya talablari va shartlarini qoʻpol ravishda buzilishi hisoblanib, litsenziyaning amal qilishini belgilangan tartibda toʻxtatilishiga olib kelishini eslatib oʻtamiz" deyiladi xabarda.

Shuningdek, Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi sogʻliqni saqlash sohasi mutaxassislaridan "VIPS-MED" MChJ tomonidan ishlab chiqarilgan “Bar-VIPS” dori vositasini tibbiy maqsadlarda qoʻllashda oʻramda koʻrsatilgan seriyalarga eʼtibor berishlarini hamda “Bar-VIPS” preparatining quyidagi 500820, 530820, 510820, 520820, 540820, 370622, 380622, 480722 seriyalari tibbiyot amaliyotida qoʻllash uchun tasdiqlangan.

Avvalroq Farmatsevtika xavfsizligi markazi Toshkentda yaroqsiz dori ishlab chiqargan firmani aniqlagandi. 

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+