Pentagon rahbari yana shifoxonaga tushdi
Yanvar oyida uning sirli tarzda davolanishi munozaralarga sabab boʻlgandi.

AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin siydik pufagidagi muammolar tufayli shifoxonaga yotqizildi, deya xabar bermoqda Pentagon matbuot kotibi Patrik Rayder.
Ostin tekshiruv uchun Valter Rid milliy harbiy tibbiyot markaziga yotqizilgan. Mudofaa vaziri oʻrinbosari va shtab boshliqlari birlashgan qoʻmitasi raisi, shuningdek, Oq uy va Kongress vaziyatdan xabardor qilingan, deydi Rayder.
Bloomberg xabariga koʻra, Ostin shifoxonaga yotqizilgan vaqtida oʻzining oʻrinbosari Ketlin Xiksga vakolatlarini bergan.
Eslatib oʻtamiz, 2023 yil dekabr oyining boshida Ostinga prostata saratoni tashxisi qoʻyilgan. 22 dekabr kuni unda oʻsimta olib tashlandi. Biroq, 2024 yil 1 yanvarda u asoratlari, jumladan, "qorin, son va oyoqdagi kuchli ogʻriqlar bilan koʻngil aynishi" tufayli tibbiyot muassasasiga qayta yotqizilgan. Keyin unga siydik yoʻllari infeksiyasi tashxisi qoʻyilgan.
NBC telekanaliga koʻra, vazir toʻrt kun davomida reanimatsiya boʻlimida boʻlgan. Politico nashrining xabar berishicha, Pentagon uch kun davomida prezident Jo Bayden va uning maʼmuriyati Ostin bilan sodir boʻlayotgan voqealar haqida maʼlumot bermagan. Oq uy bu haqda faqat 4 yanvar kuni bilgan.
23 yanvar kuni Ostin birinchi marta omma oldida chiqish qildi, u Ukraina mudofaasi boʻyicha aloqa guruhining Ramshteyn formatidagi yigʻilishida video havola orqali nutq soʻzladi.
Avvalroq Pentagon zombilashish tahdidiga tayyorligi xususida maʼlumot berilgandi.