Qozogʻiston shifoxonalarida niqob taqish majburiy qilinmoqda
Shuningdek, aholi gavjum joylarda ham niqob taqish tavsiya etiladi.

Qozogʻistonda tibbiyot muassasalarida yana niqob taqish tartibi joriy etildi va aholi gavjum joylarda niqob taqish tavsiya qilinmoqda.
Bu haqda Bosh davlat sanitariya shifokori Ayjan Esmagambetova eʼlon qilgan qarorda aytiladi.
“Tibbiy tashkilotlarda xodimlar va tashrif buyuruvchilarning tibbiy niqoblardan foydalanishini, antiseptik vositalar mavjudligini taʼminlashi zarurligiga qaror qilaman”, deyiladi “Havo-tomchi orqali yuqadigan yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish boʻyicha profilaktika chora-tadbirlarini kuchaytirish toʻgʻrisida”gi hujjatda.
Shuningdek, aholiga aeroportlar, temir yoʻl va avtovokzallar, bozorlar, savdo va koʻngilochar markazlar, teatrlar, kinoteatrlar, davlat xizmatlari markazlari, banklar va barcha transport turlarida niqob taqish tavsiya etiladi.
Qaror 8 fevraldan kuchga kirgan.