Mirziyoyev va Lukashenko oʻzaro muzokara oʻtkazdilar
Hukumat rahbarlari, parlamentlar darajasidagi aloqalarni davom ettirish qayd etildi.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko tor doirada hamda ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida muzokara oʻtkazdilar.
Shavkat Mirziyoyev uchrashuvni ochar ekan, keyingi yillarda Oʻzbekiston va Belarus oʻrtasidagi koʻp qirrali munosabatlar sifat jihatidan yangi, yanada yuqori bosqichga koʻtarilganini alohida taʼkidladi.
Belarus Prezidentining ushbu tashrifiga tayyorgarlik doirasida qator tadbirlar, shu jumladan Hukumatlararo komissiya yigʻilishi, hududlar, rektorlar, tibbiyot xodimlari forumlari muvaffaqiyatli oʻtkazildi.
Hukumat rahbarlari, parlamentlar, vazirlik va hududlar darajasidagi faol aloqalarni davom ettirish muhimligi qayd etildi.
Tomonlar xalqaro tuzilmalar, shu jumladan Birlashgan Millatlar Tashkiloti, MDH, ShHT doirasidagi siyosiy muloqot va oʻzaro qoʻllab-quvvatlashni davom ettirishga ahdlashib oldilar.
Savdo-iqtisodiy hamkorlikning ijobiy surʼati mamnuniyat bilan qayd etildi. Oʻtgan yil yakunlariga koʻra tovar ayirboshlash hajmi 15 foizga oshdi.
Hukumatlar oldiga ushbu koʻrsatkichni yaqin yillarda 1 milliard dollardan ziyodga yetkazish vazifasi qoʻyildi.
Shu maqsadda qoʻshma tashqi savdo kompaniyasini tashkil etish, eksport-import yetkazib berishni qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari va mahsulotlarni sertifikatlashtirish elektron tizimini joriy qilish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Bundan tashqari, tomonlar yuk tashish uchun qulay sharoit yaratish, xalqaro avtomobilda tashuvchilarni tayyorlash, Janubiy Osiyoning katta bozorlariga eltuvchi multimodal koridorlardan samarali foydalanishga kelishib oldilar.
Kooperatsiya aloqalarini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Keyingi yillarda qoʻshma korxonalar soni 4 barobar koʻpaydi.
Muzokaralarda davlat rahbarlari kooperatsiyaning ustuvor yoʻnalishlarini belgilab berdilar. Bular – qishloq xoʻjaligi, yengil, oziq-ovqat va elektrotexnika sanoati, farmatsevtika, shaharsozlik, kommunikatsiyalar va boshqalar. Barcha yoʻnalishlar boʻyicha alohida ishchi guruhlarni shakllantirishga kelishib olindi.
Yetakchilar hududlararo almashinuv faollashganini olqishladilar. Kuni kecha oʻtgan Oʻzbekiston va Belarus hududlari ikkinchi forumining samarali natijalari alohida qayd etildi: uning yakunlari boʻyicha qiymati 1 milliard dollardan ziyod shartnoma va bitimlar imzolangan.
Tomonlar faol madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirishga kelishib oldilar. Oliy va professional taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat, sport va turizm sohalarida sheriklikni rivojlantirish dasturlari qabul qilinadi.
Yigʻilishda rasmiy delegatsiyalar aʼzolarining hisobotlari, muzokaralar kun tartibidagi masalalar yuzasidan aniq takliflari tinglandi.
Uchrashuvlar yakunida qabul qilingan qarorlar va imzolangan kelishuvlarni amalga oshirish boʻyicha qoʻshma “yoʻl xaritasi”ni tayyorlash va qabul qilish boʻyicha kelishuvga erishildi, deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
Avvalroq Lukashenko “Yangi Oʻzbekiston” bogʻiga borgandi.