Pokistonda saylovlar arafasida portlash: 22 kishi halok boʻldi
Tarmoqda hodisaning ayanchli oqibatlari tasvirlangan suratlar paydo boʻldi.

Pokistonning Balujiston viloyatida Milliy assambleyaga (parlament quyi palatasi) umumiy saylovlar arafasida ikkita portlash sodir boʻldi.
Oqibatda kamida 22 kishi halok boʻldi, oʻnlab kishilar yaralandi. Birinchi portlash Kvetta shahridan 50 km uzoqlikda va Afgʻoniston chegarasidan 100 km janubi-sharqda joylashgan Pishin shahridagi mustaqil nomzod Asfand Xon Kakarning idorasi oldida sodir boʻldi.
BBC muxbirlariga maʼlum qilinishicha, oʻsha paytda Kakar oʻz saylovchilari bilan uchrashayotgan edi. Birinchi portlash oqibatida 14 kishi halok boʻldi, 25 kishi yaralandi.
Ijtimoiy tarmoqlarda portlash oqibatida avtomobil va mototsikllarning parchalanib ketgani aks etgan suratlar paydo boʻldi.
Ikkinchi portlash sakkiz kishining hayotiga zomin boʻldi, uning tafsilotlari aniqlanmoqda.
Politsiya vakilining aytishicha, portlash Killa Saif Ullohning asosiy bozorida sodir boʻlgan va JUI-F partiyasining saylov idorasini nishonga olgan. Ertaga boʻlib oʻtadigan Milliy Assambleya saylovlari oldidan soʻnggi haftada Balujiston va Xayber-Paxtunxva viloyatlarida bir necha zoʻravonlik voqealari sodir boʻldi. Yanvar oyi oxirida Xayber-Paxtunxvada mustaqil nomzod Rexan Zeb Xon otib oʻldirilgan, Pokiston Xalq partiyasi nomzodiga hujum qilingan. Balujiston rasmiylari ovoz berish rejalashtirilganidek davom etishini aytdi.
"Ishonchingiz komil boʻlsinki, biz terrorchilarning ushbu hayotiy demokratik jarayonga putur yetkazishi yoki izdan chiqishiga yoʻl qoʻymaymiz", - deb yozdi viloyat axborot vaziri Can Achakzay ijtimoiy tarmoqda X.