Umraga ketganlar qaytib kelolmayapti
Turizm qoʻmitasi holat yuzasidan bayonot eʼlon qildi.

Tarmoqlarda Panorama airways tomonidan parvozlarning kechikishi tufayli oʻzbekistonlik ziyoratchilarning Umra safaridan qayta olmayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Xabarlar yuzasidan Turizm qoʻmitasi maʼlumot berdi.
Qoʻmita holatga izoh berarkan, Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 8-avgustdagi 345-sonli “Umra” tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazishda ziyoratchilarning manfaatlarini samarali himoya qilish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorini eslatgan.
Qarorga muvofiq, turistik faoliyatni amalga oshirish litsenziyasi chiqish turizmi kichik turining “Umra” xizmatlarini koʻrsatish faoliyati boʻyicha quyidagi qoʻshimcha litsenziya olish uchun talablar va shartlar joriy etilgan edi:
• Umra xizmatlari davomida ziyoratchilarning guruh rahbari etib Oʻzbekiston musulmonlari idorasi bilan tuziladigan shartnoma asosida uning diniy bilim va koʻnikmalarga ega boʻlgan mutaxassislarini tayinlash;
• Umra xizmatlarini koʻrsatuvchi turoperator shtatida diniy (islomiy) taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha respublika taʼlim muassasasi yoki Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasining tegishli bakalavriat taʼlim yoʻnalishi yoxud magistratura mutaxassisligi bitiruvchisi boʻlgan kamida bir nafar mutaxassisning boʻlishi;
• Umra xizmatlarini voyaga yetmagan fuqarolarga koʻrsatmaslik;
• Umra xizmatlarini Saudiya Arabistoni Podshohligidagi hamkor tashkilot oʻrtasida imzolanadigan shartnomaga muvofiq amalga oshirish.
• 100 ming AQSh dollaridan kam boʻlmagan mablagʻlarni Turizm qoʻmitasining Xavfsiz turizm jamgʻarmasiga zaxira qilib qoʻyish.
"Mazkur zaxiradan turoperator tomonidan “Umra” xizmatlarini sifatsiz koʻrsatishidan jabr koʻrgan ziyoratchilarga yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zarar oʻrnini qoplash uchun sud qaroriga muvofiq foydalaniladi.
Umra litsenziyasiga ega turoperatorlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Turizm qoʻmitasining “Uzbektourism.uz” axborot portaliga joylanib, doimiy ravishda yangilanib borilmoqda.
Afsuski xozirgi paytda ayrim “tadbirkorlar” tomonidan Umra tadbirlarini amalga oshirishda yetarli tajriba va koʻnikmalarga ega boʻlmay, “Umra” litsenziyasini olmasdan fuqarolarimizning ishonchiga kirib, noqonuniy ravishda ishlab kelishi uchramoqda. Turizm qoʻmitasi tomonidan bunday maʼlumotlar huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilmoqda" deyiladi munosabatda.
Umra xizmatlarini sifatsiz koʻrsatishidan jabr koʻrgan ziyoratchilar oʻrnatilgan tartibda murojaat etishlari mumkinligini hamda ularga yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zarar sud qaroriga muvofiq undirib beriladi.