Qozogʻistonda hukumat isteʼfoga chiqdi
Ushbu hukumat 2022 yilgi "yanvar voqealari"dan keyin shakllantirilgandi.

Qozogʻistonda hukumat isteʼfoga chiqdi.
Mamlakat prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev isteʼfoni qabul qiluvchi tegishli farmonni, bugun, 5 fevral kuni imzolagan.
Eslatib oʻtamiz, 2022 yil 11 yanvardan buyon mamlakatda Alixan Smailov bosh vazir lavozimida ishlab kelayotgandi.
Mahalliy nashrlarning yozishicha Toʻqayev dushanba kuni Smailov bilan uchrashgan, uchrashuvdan soʻng isteʼfo boʻyicha qaror qabul qilingan. Prezident idorasi 7 fevral kuni mazkur masala yuzasidan katta majlis oʻtkazilishini maʼlum qildi.
Smailov boshchiligidagi mazkur hukumat 2022 yil yanvar oyidagi namoyishlardan soʻng tuzilgandi. Ungacha bosh vazir vazifasini Asqar Mamin bajargan.
Toʻqayev Roman Sklyarni vaqtincha bosh vazir vazifasini bajaruvchi etib tayinlagan. U bosh vazir oʻrinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi.