Ilm-fan va innovatsiyalarga 6 trillion pul berildi, ammo foyda yoʻq – Prezident
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiga ham eʼtiroz bildirildi.

Prezident raisligida taʼlim, sogʻliqni saqlash, raqamlashtirish, madaniyat va sport sohalarida amalga oshirilishi lozim boʻlgan ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda.
Davlat rahbari Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi faoliyatiga ham eʼtiroz bildirdi. Ilm-fan va innovatsiyalarga yetti yilda 6 trillion soʻmdan ziyod mablagʻ ajratildi. Lekin ilm-fanda “xarajat – tadqiqot – mahsulot” degan formula ishlamayotgani qayd etildi.
Professional taʼlim uchun masʼul idoralar koʻpayib ketgani uchun tizim rivojlanmayapti. Ish beruvchilar va texnikumlar oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish zarur.
Oliy taʼlimda qamrov keskin oshdi, sohaga xususiy sektor kirib keldi. Lekin sifatga yetarli eʼtibor qaratilmayapti.
Masalan, talabalarning mustaqil ishlashi uchun muhit barcha oliygohlarda ham birdek namunali tashkil etilmagan. Aksariyat kollej va texnikumlar ham, oliygohlar ham ish beruvchilar talabi bilan hisoblashmaydi. Ayrimlarida darslik va adabiyotlar yetishmaydi, bori ham bugungi talablarga javob bermaydi.
Umuman, ayrim rektorlarda tashabbus, intilish, fidoyilik yetishmayotgani koʻrsatib oʻtildi. Shu bois, oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar boʻyicha yangi vazir tayinlanib, uning oldiga professional va oliy taʼlimda keskin oʻzgarish qilish vazifasi qoʻyildi.
Eslatib oʻtamiz, bir necha kun avval Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiga yangi rahbar tayinlangandi.