Oʻzbekiston bozorlarida piyoz narxi oshyapti
Mamlakat piyoz eksporti boʻyicha jahonda yuqori oʻrinlarni egallaydi.
East Fruit tahlilchilariga koʻra, Oʻzbekistonda soʻnggi ikki hafta ichida piyozning ulgurji narxlarida biroz oʻsish tendensiyasi kuzatilgan. Xususan, 2024 yil yanvar oyi oʻrtalaridan boshlab piyoz narxi allaqachon 28 foizga yoki kilogramm uchun 4 AQSh senti (qariyb 500 soʻm)ga oshgan.
Biroq Oʻzbekistonda piyoz narxi oʻtgan yilgidan roppa-rosa toʻrt baravar arzon, shuningdek, oʻrim-yigʻim davridagidan ham pastroq. Shuning uchun piyozning hozirgi narxi ulgurji sotuvchiga katta foyda keltirmaydi.
Bozor ishtirokchilarining fikricha, soʻnggi haftalarda piyoz narxining oshishiga Yevropa Ittifoqiga mahsulot eksporti hajmining oshishi sabab boʻlmoqda. Xususan, Polshada ulgurji bozorlarda Oʻzbekistondan koʻplab piyoz sotilmoqda, bu esa ushbu mamlakatda ichki narxlarni ushlab turishga yordam beradi.
Shunisi qiziqki, Polsha bozori va Oʻzbekiston bozori oʻrtasidagi ulgurji piyoz narxidagi farq hozirda mahsulotni eksport qilish xarajatlarini qoplash uchun yetarli darajada emas. Biroq, bozor ishtirokchilarining fikriga koʻra, mahsulotlarni tashish uchun davlat subsidiyalari bu muammoni hal qilishga yordam beradi.
Bundan tashqari, Polshadan kelgan savdo manbalarining xabar berishicha, belaruslik vositachilar piyoz savdosida faol ishtirok etib, Oʻzbekiston va Tojikistondan piyoz sotib olib, ularni Polshaga juda jozibador narxda sotmoqda.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston har yili 200 dan 250 ming tonnagacha piyoz eksport qilib, jahonda kuchli oʻntalikka kiradi. 2023/24 yilgi mavsumda Oʻzbekistondan piyoz eksporti rekord darajada boʻlishi kutilmoqda va East Fruit hisob-kitoblariga koʻra, birinchi marta 300 ming tonnadan oshishi mumkin.
Eslatib oʻtamiz, oʻtgan yili ham yanvar oyidagi kuchli sovuq sabab piyoz narxlari keskin oshgandi.