platina.uz
Tahlil

Ikkita Xitoy urushi: Tayvanda nima gaplar?

Agar urush boshlansa, butun dunyoda mobil telefonlar, avtomobil va elektronika ishlab chiqarish sanoati chuqur va oʻnglab boʻlmaydigan inqirozga tushib qoladi.

Ikkita Xitoy urushi: Tayvanda nima gaplar?

Hozir dunyoda ikkita Xitoy davlati borligini bilasizmi? Ulardan biri biz bilgan XXR boʻlsa, ikkinchisi Tayvan orolida joylashgan Xitoy Respublikasi. Bir paytlar butun Xitoyni boshqargan Gomindan (Xitoy milliy) partiyasi kommunistlardan yengilib, kichik bir orolchaga koʻchib oʻtgan va oʻshandan buyon shu orolda umrguzaronlik qilmoqda.

Tarixga qaytib...

Gomindan partiyasi Xitoyda Sin sulolasi taxtdan agʻdarilishiga olib kelgan Sinxay inqilobidan keyin 1911 yilda tuzilgan edi. Gomindan hukumati oʻtgan asrning 30-40 yillarida Xitoyga hukmronlikni talashib, Beyyan generallari va Xitoyning Kommunistik partiyasi jangarilariga qarshi ayovsiz kurash olib bordi. Nihoyat 1949 yilda Xitoyda boshlangan fuqarolar urushi natijasida kommunistlar toʻdaboshisi Mao Szedun hokimiyat jilovini batamom qoʻlga oldi. Gomindan yetakchilari esa quvgʻindagi hukumat maqomida Tayvan oroliga qochib oʻtishga majbur boʻlishdi va bu yerda Xitoy Respublikasi tuzilganini eʼlon qilishdi. Qitʼada qolgan “Katta Xitoy” hududida esa kommunistlar Xitoy Xalq Respublikasini tashkil etishdi.

Shundan buyon bu ikki Xitoy oʻrtasida kurash tingani yoʻq. XXR Tayvanni oʻz boʻlinmas hududi, deb hisoblaydi. Tayvan esa oʻzini mustaqil davlat, hattoki qitʼadagi katta Xitoyning legitim hokimiyatining yagona vorisi deb hisoblaydi. Biroq XXR ham ayni maqomga daʼvogarlik qiladi.

Albatta, XXRning iqtisodiy ekspansiyasi uning siyosiy irodasini tan oldirishga majbur qilmoqda. Biroq, ayni paytda ham 12 ta davlat - Beliz, Gvatemala, Haiti, Marshall orollari, Palau, Paragvay, Sent-Vinsent va Grenadinlar, Sent-Kits va Nevis, Sent-Lyusiya, Tuvalu, Esvatini va Vatikan Xitoy Respublikasini davlat sifatida tan oladi. Bundan tashqari yana bir qancha davlatlar Tayvan bilan quyiroq darajadagi ikki tomonlama diplomatik aloqalar oʻrnatib, oʻzaro vakolatxonalar ochishgan.

Mintaqada muhim oʻyinchilardan biri boʻlmish AQSh esa Tayvanning mustaqilligini rasman tan olmaydi. Chunki AQSh maʼmuriyati XXR davlati tashkil etilganidan soʻng, 1950 yilda XXRning Tayvan oroli ustidan suverenitetini tan olishi haqida bayonot bergan.

Inqirozlar zanjiri

1954-1955 yillarda Tayvan boʻgʻozida Birinchi qurolli inqiroz, 1958 yilda esa Ikkinchi inqiroz yuz berdi. Har ikki mojaro ham XXR va Tayvan oʻrtasida joylashgan bahsli orollarga egalik huquqi borasida kelib chiqqan.

Birinchi inqirozdan soʻng, "Oʻzaro mudofaa haqida xitoy-amerika shartnomasi” imzolandi va AQSh Tayvan unga yondosh Peskador orollarining xavfsizligini taʼminlashni oʻz zimmasiga oldi. Bu shartnoma kommunistik tahdid mintaqaga yoyilishining oldini olishga qaratilgan. Biroq bu shartnoma Tayvanning XXRga qarshi harbiy harakatlarini qoʻllab-quvvatlamasligi alohida belgilab qoʻyilgan. Shuningdek, mazkur shartnoma Szinmen va Matszu arxipelaglariga tatbiq etilmasligi bois, AQSh Ikkinchi Tayvan inqiroziga aralashmadi.

AQSh manfaatlari uchun doim yoʻl topiladi

1979 yilda esa AQSh va Tayvanning diplomatik munosabatlari toʻxtatilgach, "Oʻzaro mudofaa haqida xitoy-amerika shartnomasi” ham oʻz kuchini yoʻqotdi. Lekin amerika-tayvan aloqalarini saqlab qolish va AQShning Tinch okeani mintaqasidagi manfaatlarini taʼminlash maqsadida "Tayvan bilan munosabatlar haqida”gi qonun qabul qilindi. Yangi qonun AQShning Tayvan bilan harbiy hamkorligining yangi tamoyillarini hamda uning xavsizligini taʼminlash borasidagi majburiyatlarini belgilab berdi.

Ushbu hujjatning oʻziga xosligi shundaki, u AQShning “yagona Xitoy siyosati”ga sodiqligini eʼlon qildi. Shu munosabat bilan bu qonunda Xitoy Respublikasiga havolalar olib tashlandi, buning oʻrniga "Tayvan hokimiyati" ikki tomonlama munosabatlarning subʼekti sifatida koʻrsatildi. Ushbu qonun diplomatik munosabatlarni saqlashni norasmiy, ammo de-fakto 1979 yil yanvar oyida notijorat tashkilot sifatida maxsus tashkil etilgan Tayvandagi Amerika institutiga topshirdi. Mazkur qonun Tayvanning ijtimoiy va/yoki iqtisodiy tizimi xavfsizligiga tashqi tahdidlar yuzaga kelgan taqdirda, AQShning mudofaa qobiliyati va xizmatlarini taqdim etish majburiyatlarini belgilaydi.

Mazkur qonun “Uchinchi Tayvan boʻgʻozi inqirozi”ni hal qilishda AQShning faol ishtiroki uchun qonuniy asos boʻldi.

Uchinchi inqiroz

1996 yil Tayvanda prezident saylovlari oʻtkazilishi rejalashtirildi. Bu esa tabiiyki XXRga yoqmadi. Tayvan hukumatiga bir hovuch separatistlar sifatida qarovchi XXR kommunistlar armiyasi 995-96 yillarda Tayvan nazorati ostidagi orollar yaqinida harbiy dengiz manyovr mashqlari va bir necha jangovor raketalarni otish bilan oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazdi. Bundan maqsad – Tayvan hukumatini choʻchitib, poʻpisa qilib qoʻyish edi. Bu Tayvanda ham, AQShda ham katta xavotir uygʻotdi. Bunga javoban AQSh Tayvan boʻgʻoziga bir necha harbiy kemalarini joʻnatdi. Oʻsha paytdagi AQSh prezidenti Bill Klinton Xitoy Respublikasini qoʻllab-quvvatlash mafsadida Tayvan boʻgʻoziga qiruvchi samolyotlar ortib yuruvchi 2 ta harbiy kemani joʻnatishga qaror qildi. Bu bilan AQSh 1979 yilda qabul qilingan "Tayvan bilan munosabatlar haqida”gi qonunni ijro etishga tayyorligini bildirdi.

Saylovlar oʻtib olgach, inqiroz keskinligi pasaydi, AQSh va XXR oʻrtasidagi munosabatlar yaxshilandi. 1997 yil kuzida XXR raisi Szyan Szemin AQShga bordi, 1998 yil iyun oyida esa AQSh prezidenti Bill Klinton XXRga tashrif buyurdi.

Biroq bu inqiroz Tayvan iqtisodiyotiga katta zarar keltirdi. Koʻtarilgan vahima fonida fond bozori indeksi 17%ga pasaydi. Tayvan katta miqdorda sarmoya yoʻqotdi, koʻchmas mulk narxlari tushib ketdi.

Yangi, ammo nomsiz inqiroz

Tayvan masalasida Xitoy va AQSh oʻrtasidagi navbatdagi mojaro 2022 yilda, AQSh Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi Tayvanga tashrif buyurganida kelib chiqdi. Bunga XXRning Tayvan masalasini uzil-kesil, batamom hal qilishga bel bogʻlab, oroldan 20 km. masofada harbiy oʻquv mashgʻulotlarini boshlashga qaror qilgani sabab deb koʻrsatildi.

AQSh Vakillar palatasi vakili – Kongress aʼzosi Nensi Pelosining avgust oyida Tayvanga tashrifi oxirgi 25 yil ichidagi ilk Amerika rasmiy delegatsiyasi tashrifi hisoblanadi.

Nensi Pelosi tashrif doirasida Tayvan parlamentida boʻldi, orol maʼmuriyati rahbarlari bilan uchrashdi. Pelosi Amerika delegatsiyasi Tayvanga Vashingtonning orolni qoʻllab-quvvatlash va “Tayvan demokratiyasini jadal rivojlantirish”ga sodiqligini yana bir bor tasdiqlash uchun kelganini maʼlum qildi. Qolaversa, AQSh kongressmenlarining orolga tashrifi AQShning Tayvanga nisbatan siyosatiga toʻliq mos kelishini taʼkidladi.

Tashrif chogʻida Tayvan prezidenti Say Inven Vashington va Taypey oʻrtasidagi munosabatlarni rivojlantirishdagi xizmatlari uchun Pelosiga “Mehribon bulutlar” ordenini topshirdi. Ushbu mukofot 1941 yilda milliy taraqqiyot va fuqarolik jamiyati rivojlanishidagi yutuqlarni taqdirlash uchun taʼsis etilgan.

Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I AQShga Tayvan bilan qayta birlashishga toʻsqinlik qilishi mumkinligi borasida xomxayollarga bormaslikni maslahat berdi. Uning soʻzlariga koʻra, AQSh “Tayvan mustaqilligini qanday maʼqullashidan” qatʼi nazar, Pekin separatizm va tashqi kuchlarning aralashuvi uchun “hech qachon joy qoldirmaydi”.

Kichkina demang bizni...

Shuncha gʻalvalarga qaramasdan, Tayvan binoyidek rivojlanishda davom etib kelmoqda. Hatto xalqaro olimpiadalarda ham ishtirok etyapti. Qolaversa 2023 yilda bu yerda parlament saylovlari, 2024 yil 13 yanvarda esa prezident saylovlari oʻtkazildi. Albatta, bu saylovlar va uning natijalari XXR bilan mustahkam aloqaga ega davlatlar tomonidan tan olinmadi. Xususan, Oʻzbekiston ham shu davlatlar qatorida boʻldi.

XXR esa har doimgidek gʻazab va noroziligini namoyish qildi.

Umuman olganda, uchinchi marta raislik lavozimiga saylanib, hokimiyatini mustahkamlab olgan Xitoy raisi Si Szinpin Tayvanning Xitoy bilan "qayta birlashishi" muqarrarligini bir necha bor eʼlon qilgan.

Tayvanda 2024 yilda oʻtkazilgan saylovlar Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan keyin oʻtkazilgan birinchi yirik siyosiy tadbir hisoblanadi. Bu jarayon XXR raisining rostmana jigʻiga tekkan koʻrinadi. Avvallari xalqaro huquq talablari va Ukraina suverenitetini tan olishini hamda Rossiyaga qarshi sanksiyalarni qoʻllashini bildirgan XXR ritorikasi ushbu saylovlardan keyin teskari tarafga keskin oʻzgardi.

Endigi chiqishlarida XXR raisi Rossiyaning Ukrainaga bosqinini nafaqat qoralamadi, balki Rossiya bilan aloqalarni kengaytirdi va bir nutqida Rossiya prezidenti Vladimir Putinni “aziz doʻstim” deb atadi.

Tahlilchilar AQSh Yevropa va Yaqin Sharqdagi urushlar bilan chalgʻigan bir paytda Si Szinpin Putindan oʻrnak olib, Tayvanga bostirib kirishidan qoʻrqishmoqda. Si Szinpin Tayvandagi saylovlarga ikki hafta qolganida oʻzining Yangi yil bayrami nutqida Tayvan Xitoy bilan “albatta qayta birlashishini” yana bir bor taʼkidlagani ham eʼtiborga molik.

Qizigʻi shundaki, Tayvan hukumati haligacha rasman mustaqilligini eʼlon qilmagan. Avvalo u oʻzini huquqiy jihatdan Xitoy vorisi deb hisoblaydi va bunga hojat yoʻqligini aytadi. Qolaversa, bunday qadam XXRning sabr kosasini toʻldirishi va harbiy zoʻravonlik yoʻli bilan Tayvanni bosib olishga kirishib ketishidan choʻchishadi. Qolaversa, Tayvan maʼmuriyatining oxirgi bayonotlariga koʻra, “Tayvan allaqachon “Xitoy Respublikasi” nomiga ega suveren davlat va shuning uchun rasmiy mustaqillik deklaratsiyasiga muhtoj emas”.

Tayvanni kelajakda nima kutyapti?

AQSh Tayvan xavfsizligini taʼminlash kafolatini berishi ortida nafaqat Vashingtonning demokratik va gumanitar-xalqaro adolat maqsadlarini koʻzlashi yoki Tinch okeani mintaqasidagi Amerika manfaatlari haqida qaygʻurishi yotadi. Ayrim ekspertlar, ayniqsa, rus siyosatchilarining fikricha, AQSh iqtisodiy-texnologik-siyosiy qudrati va ishtahasi oshib borayotgan Xitoyni texnik va texnologik jihatdan jilovlashda Tayvanning yordamiga ishonadi. Jumladan, 5G va sunʼiy intellekt sohasida Tayvan katta yutuqlarga erishgan va katta istiqbolga ega.

Biroq XXR Tayvanni bosib olishga qasd qilgan koʻrinadi. Kommunistik Xitoy rahbariyatining Tayvanga nisbatan ritorikasi vaqt oʻtgan sari agressivlashib bormoqda.

Lekin shunga qaramasdan, ekspertlarning prognoz qilishicha, Tayvanni bosib olish haqida hali gapirish erta.

Bu avvalo, siyosiy sabablar bilan bogʻliq. Chunki AQSh Tayvanga xavfsizlik kafolatini bergan. XXRning Tayvanga nisbatan agressiyasiga AQSh jim qarab oʻtirmaydi va bu yuqorida aytilgan uchta inqiroz misolida oʻz isbotini topgan. XXR Tayvanni harbiy yoʻl bilan boʻysundirgan taqdirda Xitoy va AQSh oʻrtasida bir necha 10 yilga davom etuvchi sovuq urush, hattoki qaynoq urush boshlanishi mumkin. Oʻzaro diplomatik va iqtisodiy aloqalarga putur yetadi. Bu nafaqat XXR va AQShga, balki butun dunyo iqtisodiyotiga zarar keltiradi.

Ikkinchi sababi esa, yuqoridagi misrada ishora qilinganidek, iqtisodiy xavotirlar bilan bogʻliq.

XXR Tayvanni bosib olmasdan, shunchaki blokada qilgan yoki raketa hujumlariga duchor etgan taqdirda ham, butun dunyoda mobil telefonlar, avtomobil va elektronika ishlab chiqarish sanoati chuqur va oʻnglab boʻlmaydigan inqirozga tushib qoladi. Hatto bu elektron qurilmalarni ishlab chiqarish batamom toʻxtashi ham mumkin. Chunki butun dunyoda ishlab chiqariladigan mikroprotsessorlarning 60 foizi, yuqori texnologiyalar asosida ishlab chiqariladigan chiplar-mikrosxemalarning 90 foizi aynan shu Tayvan orolida ishlab chiqariladi.

Bloomberg iqtisodchilarining baholashicha, XXR va Tayvan mojarosidan kutiladigan iqtisodiy zarar 10 trln. dollarni tashkil etishi mumkin. Bu esa jahon iqtisodiyotining 10 foizi degani! Bunday koʻlamdagi inqirozdan chiqib olish uchun 20 yil ham kamlik qiladi.

Tayvanning nominal YaIM boʻyicha dunyoda 21-oʻrinda (761,7 mlrd. dollar), YaIMning aholi jon boshiga ulushi boʻyicha esa 33-oʻrinda (32 643 dollar) turishi va jahon moliyaviy bozori ham iqtisodiyoti bilan chambarchas integratsiyalashgani hisobga olinsa, bu oroldagi inqirozning jahon moliyasi va iqtisodiyotiga taʼsiri yanada ayonlashadi.

Tayvan blokada qilingan taqdirda esa XXRning harbiy va iqtisodiy qudrati pasayib, kuchsizlanib qoladi. Bundan foydalangan AQSh oʻz qudratini tiklab olib, dunyoda yana eng birinchi iqtisodiy qudratli davlatga aylanadi. Bunday istiqbol XXR kommunistik rahbariyati oʻrtasida ham norozilik keltirib chiqarishi tayin. Qisqa qilib aytganda, XXR Tayvanga bosim oʻtkazishda davom etaveradi, biroq yaqin istiqbolda orolni blokada va bosib olishga jurʼat qilmaydi.

Biroq Rossiyaning barcha narsalarin qurbon qilgan holda Ukrainaga bostirib kirishga jurʼat etgani XXRning ham undan oʻrnak olishga undashi mumkin. AQSh va Gʻarbda bu borada xavotirlar pasaymagan, albatta. Shu bois ayrim Gʻarb kompaniyalari oʻz ishlab chiqarishlari va sarmoyalarini Tayvandan olib chiqib ketish harakatiga tushib qolishgan. Tayvanning TSMC – dunyoda chip ishlab chiqarish boʻyicha eng yirik kompaniyasi esa AQShda chip zavodlari qurishni boshladi.

Abulfayz Sayidasqarov sharhladi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid