platina.uz
Jamiyat

Buxoro markazida etnopark qurishmoqchi

Qurilishlar YuNESKO Umumjahon madaniy va tabiiy merosini muhofazasi boʻyicha konvensiya talablari asosida qurilishi vaʼda berilyapti.

Buxoro markazida etnopark qurishmoqchi

Buxoro shahrida “Boqiy Buxoro” tarixiy-etnografik parki barpo etiladi.

Viloyat hokimligi tarqatgan xabarda aytilishicha, park "aholi turmush darajasini yanada yaxshilash, yuqori sifatli servis xizmatlar koʻrsatilishini tashkil etish, tarixiy meʼmorchilik anʼanalarini davom ettirish, yashil bogʻlar va saylgohlarni koʻpaytirish maqsadida" quriladi.

Tarixiy-etnografik park hududida etnografik muzey, Buxoro vohasi uchun xos boʻlgan tarixiy mahallalar, aholi uchun xizmat koʻrsatuvchi choyxonalar va milliy taomlar tamaddixonalari, anʼanaviy drenaj tizimlari - ariq va hovuzlar, hunarmandlar rastalari, zargarlik, zardoʻzlik, kashtachilik, yogʻoch oʻymakorligi, temirchilik, kulolchilik, naqqoshlik, pichoqchilik kabi amaliy sanʼat ustaxonalari oʻrin oladi.

Majmua markazida, shuningdek, musiqali favvora ham tashkil etilishi koʻzda tutilgan.

"Bu hududdagi barcha ishlar YuNESKO Bosh konferensiyasi tomonidan 1972 yil 16 noyabrda qabul qilingan Umumjahon madaniy va tabiiy merosini muhofazasi boʻyicha konvensiya talablari asosida amalga oshiriladi.

Taʼkidlash joizki, oʻtgan asrning 20-yillarida M.Frunze boshchiligidagi “qizil armiya” qoʻshinlarining hujumi oqibatida Buxoroning koʻplab, tarixiy obidalari vayron qilingan. Jumladan, shahardagi asrlar davomida xizmat qilib kelgan ariq va hovuzlar koʻmilib ketgani bu hududdagi drenaj tizimiga salbiy taʼsir koʻrsatgan.
Yangi etnografik park mazkur yoʻqotilgan madaniy boyligimizning namunalari sanalgan qadim drenaj tizimlarini qayta tiklash yoʻlidagi muhim qadam boʻlib qoladi. Qachonlardir tashlandiq holatda boʻlgan hudud oʻrnida goʻzal bir landshaft qad rostlaydi.
Shu oʻrinda qayd etish lozimki, ushbu barpo etilajak park hududida koʻkalamzorlarning kengaytirilishi ham rejalashtirilgan" deyiladi xabarda.

Bu loyiha asosida moʻljallangan hududning uchdan ikki qismida Buxoro aholisi va mehmonlar sayr qilishi uchun muhtasham saylgoh (yashil bogʻ) bunyodga kelishi moʻljallangan.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid