platina.uz
Jahon

Bugun sugʻur kuni

Kinosi bilan mashhur boʻlib ketgan bu kun aslida qanday tarixga ega?

Bugun sugʻur kuni

AQSh va Kanadada sugʻur kuni, “Groundhog Day” (2 fevral) sugʻurning uyasidan chiqib, bahor kelishidagi ob-havoni bashorat qilishidir. Bu fevral oyining boshi, qishki kunning deyarli yarmiga toʻgʻri keladi va bahorgi tengkunlik davri koʻplab madaniyatlarda yilning muhim vaqti boʻlib kelgan. Masalan, qishloq xoʻjaligi hayvonlarining koʻpayishi va ekin ekish arafasida kuzatilgan davri boʻlgan.

Oʻrta asrlarda boʻrsiq va ayiq kabi hayvonlar qish uyqusini toʻxtatib, shu kuni uygʻonadi, degan ishonch paydo boʻlgan. Agar kun quyoshli boʻlsa va hayvon oʻz soyasini koʻrsa, yana olti hafta qishki ob-havo saqlanib turadi, yaʼni havo biroz sovuq boʻlishi kutiladi. Ammo, agar kun bulutli boʻlsa, bu keyingi haftalarda havo yumshoq boʻlib, bahorning erta kelishidan dalolat beradi.

Kanadada ob-havo prognozchisi boʻlib xizmat qiladigan bir qator sugʻurlar ham bor ekan! Sugʻurlarga nom ham berishgan, ayrimlarining fotosuralari va ismlari aholi orasida ancha mashhur.

Bu anʼana ilk bor madaniyat oʻchogʻi boʻlgan Qadimgi Rimda paydo boʻlgan. Lekin ular ob-havoning keyingi holatini bilish uchun sugʻurdan emas tipratikandan foydalanishgan. Keyinchalik bu udum nemislarga kirib kelgan: ular bu ishni boʻrsiq bilan amalga oshirishgan va hayvonlarni fevral oyida emas martda kuzatishgan. Keyinchalik nemis muhojirlari orqali bu anʼana AQShga ham kirib kelgan.

Sugʻur kuni AQShda birinchi marta 1841 yili oʻtkazilgan. 1887 yilga kelib bu kun Amerikaning rasmiy bayrami sifatida tan olingan. Ular Fil laqabli sugʻurni “buyuk Fil”, “daholarning dahosi”, “bashoratchilarning bashoratchisi” deb atashadi. Panksaton shaharchasini esa “Dunyo ob-havo markazi” deb nomlashgan.

Har yili 2 fevral kuni minglab tomoshabinlar erta tongdan Panksaton shahriga yigʻilib, sugʻurning soyasi paydo boʻlish-boʻlmasligini kutishadi. Albatta bu kuni bayram sahnalashtiriladi va sugʻur tongda inidan chiqib, oʻz bashoratini maʼlum qiladi. Bu bayram butun Qoʻshma shtatlar boʻylab koʻtarinki kayfiyatda festival qilib oʻtkiziladi.

Nega 2 fevral?

Albatta shunchaki 2 fevral sanasini tanlashmagan, bu kunda Quyoshning qishki vaqt va bahorgi tengkunlik oʻrtasidan oʻtish davri yuz beradi. Hatto qadimgi davrda ham koʻplab xalqlar bu kunga alohida urgʻu berishgan. Undan tashqari, Xristianlar bayrami - Shamlar kuni anʼanaviy ravishda 2 fevralda nishonlangan. Oʻsha kuni masihiylar qishning qolgan qismida uy xoʻjaliklariga omad olib kelsin deb shamlarini cherkovga olib ketishgan. Kun sanasi oʻzgarmaydi, ammo sugʻurning soat nechida chiqishini AQSh meteorolog olimlar oldindan belgilab qoʻyishadi. Bu yil sugʻur chiqishi vaqtini soat 7:20 deb eʼlon qilishdi.

“Sugʻur kuni” filmi

Bill Myurrey ishtirokida 1993 yili ishlab chiqilgan rejissor Harold Ramisning “Sugʻur kuni” filmi hammamizga tanish boʻlsa kerak. Aynan shu film tufayli amerikaliklarning bu anʼanasi mashhur yanada ommalashgan. Sugʻur kuni asosan Pensilvaniyaning gʻarbiy qismidagi kichik shaharcha – Panksatonda oʻtkaziladi. Bu filmni olish unchalik ham oson boʻlmagan. Syomka uchun Panksaton shahridagi bir nechta sugʻur saralangan, ularning orasidan tanlanganlaridan biri suratga olish paytida aktyorni tishlab oladi. Undan tashqari, bu film mart oyining oʻrtalarida tasvirga tushirilishi boshlangan, ammo syujetga koʻra voqealar fevralning boshini aks ettirishi kerak edi. Shu sabab bilan sunʼiy qorlardan foydalanishga toʻgʻri kelgan.

Film ssenariysiga koʻra kunlarning birida Bill chalingan budilnikni sindirib, chilparchin qilishiga toʻgʻri kelgan, ammo soat ular oʻylaganidan ancha mustahkam boʻlib chiqib, sinmagan. Shundan soʻng ular oʻzgartirish kiritib, bolgʻa bilan urishga qaror qilishgan. Ammo bu ham samarasini bermagan, bolgʻa bilan singan soat jiringlashi toʻxtamagan va ular bu epizodni butunlay olib tashlashgan.

Kino shu qadar mahorat bilan ishlanganki, butun dunyo xalqlari sugʻur kuni deyilganda shu filmni eslashadi. Lekin mohiyat bahorgi ob-havo haqida emas. Oʻzimiz ham tez-tez “sugʻur kuni” iborasini ishlatib turamiz. Qachonki har kun bir xil, zerikarli va mazmunsiz boʻlganda u bizning sugʻur kunimizga aylanadi. Shunday ekan, hayotingizni ranglarga toʻldiring va yaxshi kayfiyat uchun sugʻur kunini nishonlash ham zarar qilmaydi!

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid