Oʻzbekistonda ilk bor MMA boʻyicha jahon chempionati boʻlib oʻtadi
Turnir joriy yilning oktabrida oʻtkazilishi kutilmoqda.

Joriy yil Oʻzbekistonda ilk bor aralash jang sanʼati (MMA) boʻyicha jahon chempionati boʻlib oʻtadi. Bu haqda Sport vazirligi maʼlum qildi.
Boʻlajak tadbir sharafiga Toshkentda Xalqaro aralash yakkakurashlar federatsiyasi prezidenti Kerrit Braun, sport vaziri oʻrinbosari Shahrillo Mahmudov, mudofaa vaziri oʻrinbosari Alisher Norboyev va Oʻzbekiston MOQ aralash yakkakurashlar assotsiatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari Sherzod Toshmatov ishtirokida anjuman boʻlib oʻtdi.
“Biz Toshkentni 2024 yilgi nufuzli aralash yakkakurashlar (IMMAF) jahon chempionati mezboni sifatida tanishtirganimizdan mamnunmiz va MMA hamjamiyatini Oʻzbekistondagi jahon chempionatida yigʻilishini intiqlik bilan kutamiz, – dedi Kerrit Braun.
Anjumanda havaskorlar oʻrtasida MMA boʻyicha jahon chempionati ilk bor Oʻzbekistonda, 2024 yil oktabr oyida oʻtkazilishi rasman eʼlon qilindi. Qayd etish kerakki, bunday turnir Markaziy Osiyoda ilk bor oʻtkazilmoqda.
MMA (inglizcha, aralash jang sanʼati) - bu koʻplab texnikalarni oʻzida mujassam etgan jang sanʼati. MMA 20-asrda katta mashhurlikka erisha boshladi.