Oʻqituvchilarni behurmat qilish qonunan taqiqlandi

Pedagogning qadr-qiymati va shaʼni borasida yangi qonun imzolandi. 

Jamiyat
1-fevral, 21:17
Oʻqituvchilarni behurmat qilish qonunan taqiqlandi

Aytishlaricha, Yaponiyaning zamonaviy texnologik va iqtisodiy qudratli davlatga aylanishining asosiy sabablaridan biri  - taʼlimga va oʻqituvchilarga eʼtibor kuchaytirilganida ekan. Zero, fundamenti nosoz binoning tepasiga har qancha zeb bermang, tagi qiyshiq va omonat boʻlgani bois biribir qachondir qulab tushadi.

Oʻzbekistonda ham maktab taʼlimi va oʻqituvchilarga eʼtiborni kuchaytirish masalasi koʻp yillardan beri muhokamalar mavzusi boʻlib keladi. Biroq amaliy ishga oʻtishda tezkorlik va iroda yetishmayotgan edi. Maktab taʼlimining sifatini yaxshilamasdan, oʻqituvchining obroʻsini koʻtarmasdan, uning yashash sharoitlarini yaxshilamasdan taʼlim sohasida katta oʻzgarishlar haqida gapirish befoyda. Har qanday oʻzgarish esa qonuniy asosga ega boʻlishi lozim.

Prezident imzolagan yangi qonun ana shunday qonuniy asos boʻlib xizmat qilishi kutilmoqda.

 “Pedagogning maqomi toʻgʻrisida”gi Qonunda pedagoglarning huquqlari, majburiyatlari, faoliyatining asosiy kafolatlari, mehnatiga yarasha haq toʻlash, ragʻbatlantirish va ijtimoiy himoya qilish tamoyillari belgilab qoʻyildi.

Jumladan, yangi qonunga koʻra, shu paytgacha oʻqituvchini va umuman bu kasbni xoʻrlab kelayotgan bir qator amaliyotlar endi qonunan taqiqlanadi. Sir emas, oʻqituvchilar yana bir jafokash kasb egalari – shifokorlar bilan birga mahalliy hokimchalarning yugurdaklariga aylanib qolishgan edi. Hamma qora ishlarga, ommaviy-siyosiy tadbirlarga, hatto dehqonchilik ishlariga ham shu oʻqituvchilar jalb etib kelindi. Yagona aybi – byudjetdan maosh olishi! Goʻyoki ularga ishlagani uchun emas, tekin pul berilayotgandek! Shu quldorlarcha munosabat bois, bir necha yil oldin koʻcha supurishga majburlab chiqarilgan bir yosh oʻqituvchi juvonni mashina urib ketgani va shunga oʻxshash koʻplab noxush voqealar hali xalqimiz yodidan chiqqani yoʻq.

Bu manfur ishlarga chek qoʻyish borasida chiqarilgan turli qarorlar qogʻozda qolib ketdi, yuqori minbardan turib aytilgan ogʻzaki tahdidlar hokimlarning bu qulogʻidan chiqib, nargisidan chiqib ketdi.

Yangi qonun mana shunday axmoqgarchilik va zoʻravonliklarga chek qoʻyishi, umid qilamizki, oxirgi nuqtani qoʻyishi mumkin.

Jumladan, ushbu qonunga koʻra, pedagogni kasbiy faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan ishlarga, shu jumladan, hududlarni obodonlashtirishga va qishloq xoʻjaligi ishlariga jalb etish taqilanadi. Shuningdek, pedagoglardan ularning kasbiy majburiyatlariga taalluqli boʻlmagan hisobotlarni va boshqa maʼlumotlarni, shu jumladan, bitiruvchilarning bandligi taʼminlanganligi haqidagi hisobotlarni shakllantirish va taqdim etishini talab qilish endi mumkin boʻlmaydi.

Qolaversa, pedagogning zimmasiga tovar va xizmatlarni sotib olish majburiyatini yuklash, shu jumladan, ish haqidan uning yozma roziligisiz tovar va xizmatlar uchun mablagʻ ushlab qolish kabi oʻqituvchi obroʻsini yerga uradigan amaliyotlar ham qonundan tashqari, deb eʼlon qilinadi.

 “Pedagogning maqomi toʻgʻrisida”gi Qonunda, shuningdek, pedagoglarning kasbiy faoliyatini amalga oshirishga koʻmaklashish, ragʻbatlantirish, imtiyozlar berish va dam olish masalalariga ham jiddiy eʼtibor qaratilgan. Shu bilan birga, pedagoglarni ijtimoiy himoya qilish masalasiga ham alohida urgʻu berilgan. Masalan, ular uchun qisqartirilgan ish vaqti belgilanadi. Olis hududlarga borib dars beradigan oʻqituvchilarga bir martalik boshlangʻich yordam puli va uy-joy  ijarasi uchun har oyda kompensatsiya toʻlab beriladi. Qonunda, shuningdek, pedagoglarning farzandlarini maktabgacha taʼlim muassasalariga imtiyozli asosda qabul qilish, yuqumli kasalliklarga qarshi bepul emlash va majburiy tibbiy koʻrikdan bepul oʻtkazish kabi ulkan imtiyozlar berilgan.

Bu qonunda pedagoglarning taʼlim-tarbiya jarayonida oʻquvchilarga munosabatini oʻzgartirish masalasiga ham keng oʻrin ajratilgan. Besh qoʻl barobar emas, ayrim pedagoglarning oʻz maqomlariga nomunosib ekanliklari, oʻz ustida ishlamasliklari, oʻquvchilarga qoʻl koʻtarish va ularni haqorat qilish kabi pedagogik etikaga zid ishlarni oʻzlariga ep koʻrishlari ham uchrab turadi. Yangi qonun mana shu jihatlarni ham tartibga soladi. Qonunning 8-moddasi – Pedagogik etika qoidalari ana shu huquqiy chegeralarin belgilab beradi.

Albatta yangi qonundagi imtiyozlar ayrim soha vakilariga beriladigan imtiyozlar oldida unchalik katta koʻrinmaydi. (Har holda, oʻqituvchining farzandi OOʻVga imtiyoz asosida qabul qilinmaydi!). Biroq “shuncha boʻldi, xoʻja boʻldi” deganlaridek, shunisiga ham shukr.

Qisqa qilib aytganda, “Pedagogning maqomi toʻgʻrisida”gi Qonunga oʻqituvchilar bilan bogʻliq koʻplab muammolarga yechim topish uchun oʻziga xos dasturulamal va yoʻl xaritasi sifatida qarash mumkin. Tabiiyki, mazkur qonun asosida tegishli dastur va rejalar ishlab chiqiladi. Gap faqat ularning ijrosini taʼminlashda. Har qanday qonun ijrosi bilan goʻzal. Avvalgidek faqat qogʻozda qolib ketgan qaror va buyruqlar, ogʻzaki poxol doʻqlar kabi bu qonun ham chiroyli kitobcha boʻlib, kitob javonini bezab turishdan boshqasiga yaramasa, vaziyat baribir oʻzgarmaydi.

Albatta, Qonun chiqqani yaxshi, lekin oʻqituvchilar ham sal faolroq boʻlsa, oʻz haq-huquqini talab qilishni oʻrgansa maqsadga muvofiq boʻlardi. Masalan, majburiy mehnatga jalb etilgan oʻqituvchilarning bu borada sudga yoki yuqori instansiyalarga murojaat va shikoyat qilishganiga juda kam guvoh boʻlamiz. Xullas, bir satirik yozuvchi oʻz asarida kinoya qilganidek, “choʻkayotganni qutqarish – avvalo choʻkayotgan odamning zimmasidagi vazifa”.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+