Zoyir Mirzayev byudjetdan 7 milliard soʻmdan oshiq pul ajratdi
Jumladan, Yilqichilik va ot federatsiyasi uchun 170 mln. soʻm beriladi.

Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev byudjetdan 7 mlrd. soʻmdan oshiq mablagʻ ajratish boʻyicha ikki qarorni imzoladi.
Birinchi hujjat mahalliy byudjetning qoʻshimcha mablagʻlaridan foydalanish boʻyicha chora-tadbirlarni oʻz ichiga oladi. Unga koʻra, 5,7 mlrd soʻm pul ajratiladi.
Mazkur mablagʻ quyidagicha sarflanadi: Oqqoʻrgʻon tumanidagi Boygʻuli MFYda "Obod mahalla" va "Obod xonadon" ishlarini amalga oshirish uchun 2 mlrd. soʻm, Yangiyoʻl shahri uchun transformator xarid qilish va oʻrnatish xarajatlariga 2 mlrd. 284 million soʻm beriladi.
Bundan tashqari, Qumariq mahallasidagi Jurnalistlar bogʻini suv taʼminotini yaxshilash uchun 840 million soʻm taqdim qilinmoqda. Qoʻqon shahridagi Hunarmandchilik festivalida Toshkent viloyati jamoasi ishtiroki uchun 250 million soʻm berilishi koʻzda tutilgan.
Shu jumladan, yana bir qaror bilan byudjetning qoʻshimcha manbalari hisobidan 1 mlrd. 583 mln. soʻm pul ajratiladi. Shundan Yilqichilik va ot federatsiyasi Toshkent viloyati boʻlimi uchun 170 million soʻm, Prezidentning 2022 yil martdagi xotin-qizlarni qoʻllab quvvatlash boʻyicha videoselektoridagi topshiriqlar uchun 1,1 mlrd. soʻm ajratiladi.
Avvalroq Zoyir Mirzayev qarori bilan Toshkent viloyatida Yangi yil archasi uchun 700 million, obodonlashtirish uchun esa yarim milliard soʻmdan oshiq pul berilishi maʼlum boʻlgandi.