Oʻzbekistonliklar qanday kasallikdan koʻproq vafot etmoqda?
Oʻtgan yilda vafot etganlar soni 172,8 ming kishini tashkil etdi.
Oʻzbekistonda vafot etayotgan fuqarolarning katta qismi qon aylanish tizimi kasalliklaridan vafot etmoqda. Jami marhumlarning 61,1 foizi shu sababdan vafot etgan, deyiladi Statistika agentligi maʼlumotida.
Maʼlumotlar 2023 yil yanvar-dekabr oylarini qamrab olgan.
Oʻsimtalardan 10,8 foiz, nafas olish aʼzolari xastaliklaridan 5,5 foiz, baxtsiz hodisa va zaharlanishlardan 4,8 foiz aholi olamdan oʻtmoqda.
Boshqa kasallikning hissasi 12,4 foizni tashkil etadi.
Eslatib oʻtamiz, 2023 yilda vafot etganlar soni 172,8 ming kishini tashkil etdi. Hududlar boʻyicha vafot etish koeffitsiyenti eng yuqori Toshkent shahrida 5,2 promille, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida 5,1 promilleni tashkil etgan.