Kadastrsiz ham ipoteka berilishi mumkin
Shuningdek, Ipotekani qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tuziladi.

Oʻzbekistonda kadastr hujjatisiz ham ipoteka berilishi mumkin. Bu haqda prezident yigʻilishida aytib oʻtilgan.
Hozirgi amaliyotga muvofiq, kadastr hujjati yoʻq uyga ipoteka krediti berish mumkin emas. Shulardan kelib chiqib, mutasaddilarga ilgʻor xorijiy tajribani oʻrgangan holda Ipotekani qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasini tashkil qilish topshirildi.
Yigʻilishda yangi uy-joylarning tannarxiga toʻxtalib oʻtildi. Quruvchilar uchun moliyaviy resurs yetishmasligi, bori ham qimmatligi koʻrsatib oʻtildi.
Resurs yoʻqligi uchun quruvchilar aholi mablagʻlarini poydevor quyish bosqichida jalb qilib, ulushdor sifatida rasmiylashtirayotgani, ayrim nopok quruvchilar hisobiga odamlar himoyasiz qolayotgani koʻrsatib oʻtildi.
Uy-joy qurilishiga aholi ulushdor boʻlib kirishini huquqiy tartibga solish va qurilish korxonalariga aylanma mablagʻni koʻpaytirish vazifasi qoʻyildi.
Joriy yilda 80 ming xonadonli 1 ming 800 ta uy-joy qurish va “Yangi Oʻzbekiston” massivlarini 38 tadan 45 taga yetkazish maqsad qilib olindi.
Biroz avval davlat rahbari qurilishlardagi korrupsiya va oʻgʻirlikni tanqid qilgandi.