Iordaniyada AQShlik askarlar halok boʻldi
Bayden bunga keskin munosabat bildirib, "javob albatta boʻlishi"ni aytdi.

Iordaniyada uch nafar amerikalik askar halok boʻldi, shuningdek yana oʻnlab kishilar jabrlandi. AQSh prezidenti Jo Bayden shanba oqshomida uyushtirilgan Suriya chegarasi yaqinidagi hujumga izoh berarkan, Vashington bunga “javob berishi”ni aytdi.
Bu hujumda jami qurbonlar soni 3 kishini, yaralanganlar soni 34 kishini tashkil qilgan. Halok boʻlganlar chodirda uxlab yotgan, yaradorlarning bir qismi esa mamlakatdan evakuatsiya qilingan.
Bayden Eron tomonidan qoʻllab-quvvatlanagan jangarilarni AQShning Yaqin Sharqdagi kuchlariga zarba berishda aybladi. Mintaqada xavf kuchayar ekan, AQSh rasmiylari hujum uchun masʼul guruhni aniqlash ustida ishlamoqda.
Hozircha Iroq va Suriyada faoliyat yuritayotgan, Eron tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan Iroqdagi Islomiy Qarshilik guruhi, "xudkushlik" hujumi uchun javobgarlikni oʻz zimmasiga oldi. Guruh Gʻazoda urush boshlanganidan beri Iroq va Suriyadagi AQSh qoʻshinlari joylashgan bazalarga oʻnlab hujumlar uchun ham javobgarlikni boʻyniga olgan.
Jo Baydenning saylovdagi raqibi Donald Tramp bu holatga nisbatan: "Qoʻshma Shtatlarga qilingan bu shafqatsiz hujum Jo Bayden zaifligi va taslim boʻlishining yana bir dahshatli natijasidir" deya izoh berdi.
AQSh qoʻshinlari uzoq vaqtdan beri Iordaniyadan Iroq, Isroil, Gʻarbiy Sohildagi Falastin hududi, Saudiya Arabistoni va Suriya bilan chegaradosh tayanch nuqtasi sifatida foydalanib keladi.
Maʼlumot oʻrnida aytib oʻtish kerakki, Iordaniyada 3000 ga yaqin amerikalik askarlar joylashgan.
Gʻazoda urush boshlangan kundan beri Eron tomonidan qoʻllab-quvvatlangan jangarilar Amerikaning Iroqdagi harbiy obʼektlariga 60 martadan ortiq, Suriyada esa 90 martadan ortiq dronlar, raketalar, minomyotlar va ballistik raketalar bilan zarba bergan.
Yakshanba kungi hujum Iordaniyadagi AQSh askarlarini nishonga olgan va amerikaliklarni oʻldirgan birinchi hujum boʻldi. Iordaniya shu vaqtga qadar Gʻarbning ishonchli ittifoqchisi va Quddusdagi muqaddas qadamjolarni nazorat qilishda muhim kuch deya taʼkidlab kelingan.