platina.uz
Jahon

Saudiyada araq sotish nega taqiqlangandiyu, endi nega ruxsat berildi?

Mamlakatda spirtli ichimliklar taqiqlanishi 1952 yilga borib taqaladi. 

Saudiyada araq sotish nega taqiqlangandiyu, endi nega ruxsat berildi?

Xabarlarga qaraganda, Saudiya Arabistoni podshohligida xorijiy diplomatlar uchun alkogol ichimliklar doʻkoni tashkil etiladi. Bu yerda faqat nomusulmon-diplomatlar xarid qilishi mumkin.

AFP va Reuters agentliklari tanishib chiqqan hujjatlarga koʻra, yangi formatdagi doʻkon Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahridagi diplomatik dahada, bir necha hafta ichida ochilishi rejalashtirilgan.

Biroq bu doʻkondan spirtli mahsulot xarid qilishda maʼlum bir cheklovlar ham oʻrnatiladi. Xususan, mijozlar tegishli mobil ilova orqali roʻyxatdan oʻtishadi. Tashqi ishlar vazirligining ruxsat-kodini olishadi va har oylik kvotalarga (cheklov) amal qilishadi. Mijozlar yoshi 21 yoshdan katta boʻlishi va “tegishli” kiyimda (dress-kod) tashrif buyurishlari talab etiladi. Diplomatlarga bir oyda jami 240 ball beriladi. 1 litr spirtli ichimlik - 6 ball, 1 litr vino – 3 ball, 1 litr pivo esa - 1 ballga baholanadi.

Keyinchalik diplomat boʻlmagan xorijliklarga, undan keyinroq esa mahalliy aholiga ham bu doʻkondan xarid qilish imkoniyati yaratiladimi, yoʻqmi, hozircha nomaʼlum.

Shuningdek, diplomatlarning Saudiya hududiga alkogol ichimliklar olib kirish jarayoni ham “huquqiy maydonga” olib chiqilishi, yaʼni tegishli meʼriy-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilishi kutilmoqda. Boisi, Saudiya Arabistoni tashkil etilganida ustuvor qonun sifatida Qurʼon ahkomlariga tayanishini eʼlon qilgan. Shu sababdan bu yerda alkogol ichimliklar taqiqlanadi. Spirtli ichimliklarni isteʼmol qilganlik yoki saqlaganlik uchun mamlakatdan deportatsiya qilish, katta jarima va hatto ozodlikdan mahrum etish shaklida jazo beriladi.

Natijada xorijlik diplomatlar muhrlangan diplomatik yuklar yoki diplomatik pochta orqali (chunki ularni tekshirish mumkin emas) mamlakatga spirtli ichimliklar olib kirishni yoʻlga qoʻyishgan. Ayrim diplomatik vakolatxona vakillari esa shu yerda yashirincha qoʻlbola spirt ishlab chiqarishga urinishadi.

Taʼkidlash kerak, garchi islom dini shariati boʻyicha alkogol ichimliklarni ishlab chiqarish, sotish, saqlash va isteʼmol qilish harom qilingan (taqiqlangan) boʻlsada, Saudiya Arabistonida 1952 yilgacha bu masalaga neytral munosabat ustuvor boʻlgan. Biroq 1951 yilda qirol Abdulaziz al-Saudning 19 yoshli oʻgʻli - shahzoda Mishariy bin Abdulaziz al-Saud bir ziyofatda koʻp ichib qoʻyib, unga yana bir ryumka quyishdan bosh tortgan Britaniyaning Jidda shahridagi vitse-konsuli Siril Usmonni miltiqda otib tashlaganidan keyin vaziyat oʻzgargan ekan. Shundan soʻng qirol mamlakatda (hatto xorijlik diplomatlarga ham) spirtli ichimlik sotilishini taqiqlab qoʻygan.

Amerikaliklar shahzodaning bunday xatti-harakatlarini qatʼiy islomiy cheklovlar ichida tarbiya olgan yosh arablarning erkinlikni “koʻtara olmay” qolishgani bilan izohlagan. Sahrolarda ogʻir tabiiy sharoitlar va yoʻqchilikda oʻsgan yosh arablar neft ortidan toʻsatdan kelib qolgan boylik shaklida berilgan sinovni koʻtara olishmagan.

Saudiyaga neft sanoatini rivojlantirish maqsadida kelgan amerikaliklar bu yerda “isteʼmolchilik madaniyatini” shakllantirishgan. Qirol oilasining aʼzolarini muntazam Yevropa va AQShga mehmonga chaqirib turishgan, Gʻarb madaniyatining yutuqlari va imkoniyatlarini ularga namoyish etishni istashgan.

1925 yildan 1955 yilgacha Saudiy qirollar saroyida yashagan va islomni qabul qilgan britaniyalik maslahatchi hamda arabshunos-sharqshunos, AQSh neft kompaniyasi ARAMKOga Saudiyadagi neft konsessiyalarini olishda katta yordam bergan Sent-Jon Filbining yozishicha, Gʻarbda boʻlib qaytgan yosh saudiylarni ilm-fan va texnologiyalar hayratga solmagan. Shahzodalardan birining Filbiga aytishicha, unga tepasida shaffof va shisha basseyn oʻrnatilgan restoranda ovqatlanish koʻproq yoqqan, tepasidagi basseynda suzib yurgan qizlarning yalangʻoch oyoqlarini tomosha qilgan holda taomlanish unda katta taassurot qoldirgan. Shuningdek, qirol Faysalning qizi, maxsus elita maktabida taʼlim olgan saudiy malikalardan biri Yevropada boʻlib qaytgach, faqat hashamatli doʻkonlarni eslab gapirgan xolos.

Nima boʻlganda ham, Saudiya Arabistonida oxirgi yillarda kutilmagan oʻzgarishlar roʻy bermoqda. Valiahd shahzoda Muhammad ibn Salmon Saudiyaning yopiq va qatʼiy islomiy, konservativ davlat imijini oʻzgartirishga qaror qilgan koʻrinadi. Bu oʻzgarishlar asosiy ikki ustunga – iqtisodiy zaruriyat va yoshlarning talablariga tayanadi.

Valiahd shahzoda Muhammad ibn Salmon 2018 yildagi futbol boʻyicha jahon chempionatida.

Aslida bu oʻzgarishlar uning otasi – qirol Salmon bin Abdulaziz Al-Saud 2015 yilda mamlakat taxtiga oʻtirgan davrlardan boshlanadi. Jumladan, u mamlakatda filmlarni kinoteatrlarda koʻrishga taqiqni olib tashladi. Undan avval saudiyalik yoshlar yangi premeralarni koʻrish uchun qoʻshni yoki Gʻarb davlatlariga borishga majbur edi.

Shuningdek, u mavjud anʼanalarni buzgan holda oʻz oʻgʻli Muhammad ibn Salmonni valiahd shahzoda etib tayinladi va amalda mamlakat boshqaruvini unga topshirib qoʻydi.

2017 yilda esa qirol ayollarga mashina haydash uchun qoʻyilgan taqiqni bekor qildi. Bu qarorga qarshi chiqqan va Internet tarmoqlarida eʼtiroz bildirgan shaxslarga hatto qamoq jazosi ham qoʻllanildi.

Bu oʻzgarish ayollar uchun boshqa ruxsatlarga ham yoʻl ochdi. Jumladan, ayollarga sport oʻyinlarini koʻrish uchun stadionlarga hamda boshqa koʻngilochar tadbirlarga borishga ham ruxsat berildi. Mamlakat Bosh prokuraturasi tergovchilik lavozimiga ayollarni ham ishga ola boshladi. Majlis ash-Shuaro – (Maslahat kengashi) vakillari ayollarni ham harbiy xizmatga chaqirish taklifi bilan chiqishdi.

Shuningdek, “mahram” boʻlish talabi – yaʼni ayollarning faqat qarindosh yoki eri hamrohligida safar qilish majburiyatini bekor qilish haqida takliflar yangray boshladi. Ayollarga erlarining ruxsatisiz biznes ochish hamda davlat elektron xizmatlaridan foydalanish huquqi berildi.

Biroq ekspertlarning aytishicha, “sof islom”, yaʼni “vahhobiylik” rasmiy doktorinasiga amal qiladigan Saudiyaning Gʻarb davlatlari kabi ochiq jamiyatga aylanib ketishidan umid qilmaslik kerak. Qirol hamda valiahd shahzoda kiritayotgan oʻzgarishlar shu paytgacha boshqa arab va musulmon davlatlarida mavjud oʻzgarishlarning bir qismi xolos. BAAdagi "Al-mustaqbal" (“Kelajak”) tadqiqotlar markazining eksperti Amal Saqrning aytishicha, ayni paytda qirollikda yuz berayotgan oʻzgarishlar “mantiqiy” va “allaqachon yetilgan” islohotlardir. Bunday oʻzgarishlar qirol Salmondan avval, uning akasi Abdullo Al-Saud davridayoq boshlangan edi. Masalan, davlat xizmatlariga ayollarni qabul qilishga, ularning OOʻYularida erkaklar bilan birga taʼlim olishlariga, Maslahat kengashiga va mahalliy maʼmuriyatlarga (2015 yildan) saylanishga ruxsat berilgani shular jumlasidandir. Misol sifatida aytadigan boʻlsak, 2011 yildan buyon Maslahat kengashidagi 150 aʼzoning 30 nafari ayollardir.

Aslida ham, Saudiya jamiyati anchadan beri bunday islohotlarni talab qilib kelayotgan edi. Chunki mamlakat aholisining 70% yoshlardan iborat. Yoshlar esa tashqi olamdagi vaziyat, axborot oqimi taʼsirida ota-bobolaridan farqli fikrlashadi, ulardan farqli ehtiyojlarga ega.

Ekspertning aytishicha, bunday oʻzgarishlar avvalo iqtisodiy sharoit, mamlakatdagi iqtisodiy muammolar – inflyatsiya, ishsizlik, tashqi qarzning oʻsib borishi bilan bogʻliq.

Xususan, valiahd shahzoda Muhammad ibn Salmonning taʼkidlashicha, qirollikda siyosiy islohotlar oʻtkazish zarur, ular amalga oshiriladi ham, biroq bu birinchi navbatdagi vazifa emas, eng avvalo jamiyatda yetilgan talablarga eʼtibor qaratish lozim.

2001 yilda AQShda sodir etilgan terrorchilik aktidan keyin, yanayam toʻgʻrirogʻi, arab davlatlarida roʻy bergan “arab bahori” inqiloblaridan keyin Saudiyada ham dindorlar va diniy oqimlarni “jilovlash” boshlandi. Xususan, 2014 yil fevralda mamlakatda ekstremistik va terrorchilik tashkilotlari – “Al-Qoida”, «Jabhat un-Nusra», «Islom davlati” (DAISh), “Musulmon birodarlar” harakati va Arab yarim orolidagi “Hizbulloh” shia jangarilari, 2016 yil mart oyidan esa Livandagi “Hizbulloh” tashkiloti taqiqlandi.

Shu bilan birga, Madina shahrida nomusulmon mehmonlarni ham qabul qilish amaliyoti kuzatilyapti. Jumladan, yaqinda rossiyalik sportchi Aleksandr Yemelyanenko Madina shahriga borib, Masjid an-Nabaviy (paygʻambar masjidi) hamda undagi paygʻambar Muhammad alayhissalomning qabrini ziyorat qilganini videoga olib, internetga joyladi.

Joriy yilning 8 yanvarida esa Hindistonning Ayollar, bolalar va milliy va diniy ozchilik boʻyicha vaziri Smriti Zubin Irani (hindu diniga eʼtiqod qiladi) hindistonlik boshqa amaldorlar bilan birga Madina shahrida mehmon boʻldi. Hindiston delegatsiyasi Masjid an-Nabaviyni, Uhud togʻini va Qubo masjidini tomosha qilgan. Smriti Irani tashrifi davomida Saudiyadagi hind diasporasi vakillari – ishchi-xizmatchilar hamda umra ibodatini ado etayotgan hindistonlik musulmon ziyoratchilar bilan uchrashgan. Smriti Madinadagi safari davomida hind milliy kiyimi - sari koʻylagida va roʻmolsiz boʻlgan.

Nomusulmon hind delegatsiyasi Madina shahrida.

Undan avval – 2017 yilda esa AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp boshchiligidagi delegatsiya Saudiya Arabistoniga tashrif buyurganida, amerika rahbarining xotini Melaniya Tramp va qizi Ivanka Tramp, qirollikdagi ichki talablarga zid ravishda roʻmolsiz holda safar qilishdi. Saudiya Arabistoni hukumati bu vaziyatda hech qanday haqoratomuz xatti-harakatni koʻrmagani bildirdi.

Donald Tramp va uning xotini Saudiya Arabistoniga tashrif chogʻida.

Ivanka Tramp Saudiya Arabistonida. 

Lekin negadir Saudiyaga tashrifdan soʻng Vatikanga borishganida, Melaniya va Ivanka Tramp katolik nasroniylar oliy ruhoniysi – Rim papasi bilan uchrashuvda roʻmol oʻragan holda koʻrinish berishgan.

 Melaniya va Ivanka Tramp Vatikanda.

Qizigʻi shundaki, AQShning yana bir sobiq prezidenti Barak Obamaning rafiqasi Mishel Obama ham xuddi shunday yoʻl tutganida, siyosiy raqibi Tramp Obamani rosa tanqid qilgan edi.

Bir soʻz bilan aytganda, Saudiya Arabistoni oʻzgarmoqda. Bu oʻzgarishlar inqilobiy emas, balki izchil va konservativ islohotlardir. Ular asosan Al-Saud oilasining hokimiyatini saqlab qolish va mustahkamlashga qaratilgan. Lekin biribir mamlakat imiji evrilishga uchramoqda. Qirollik sayyohlarni, xususan musulmon boʻlmagan sayyohlarni ham jalb etish, Saudiya Arabistoni deganda nafaqat muqaddas maʼvolarni, balki tomosha qilishga arziydigan, turistlar uchun jozibador diyorni ham tasavvur qilishlari uchun kurashyapti. Chunki mamlakat oʻz iqtisodiyotining asosi boʻlgan neft daromadlariga qaramlikdan qutulmoqchi, neftsiz ham farovon va erkin yashash mumkin boʻlgan jamiyat sifatida saqlanib qolmoqchi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid