platina.uz
Iqtisod

Oʻrtacha oylik miqdori yangilandi: u qanday hisoblanadi oʻzi?

Raqamlar oʻtgan 2023 yilning yanvar-dekabr oylariga oid boʻlib, unda qishloq xoʻjaligi va kichik tadbirkorlik subʼektlari boʻyicha maʼlumotlar oʻz aksini topmagan.

Oʻrtacha oylik miqdori yangilandi: u qanday hisoblanadi oʻzi?

Prezident huzuridagi Statistika agentligi nominal hisoblangan oʻrtacha oylik ish haqi boʻyicha dastlabki statistik maʼlumotlarni eʼlon qildi. Bu miqdor 4,5 mln. soʻmni tashkil etdi.

Maʼlumki, nominal hisoblangan ish haqi maʼlum bir davr (oy, yil) mobaynida xodim tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulot (bajarilgan ish yoki koʻrsatilgan xizmat) evaziga ish beruvchilar tomonidan, amaldagi qonun hujjatlariga asoslangan holda soliq va boshqa toʻlovlarni oʻz ichiga oluvchi yollanma xodimning mehnatiga haq toʻlash tarzida jismoniy shaxsga pul shaklida hisoblangan daromadlardan iborat boʻladi. Bu ish haqi fondini xodimlar soniga boʻlish yoʻli bilan hisoblab chiqariladi.

Boshqacha aytganda, kimdir 50 million soʻm maosh olsa, yana kimdir 2 million soʻm oladi. Oʻrtacha oylik ish haqi esa taxminan 20-30 million soʻm boʻlishi mumkin. Lekin bu degani aholining oʻrtacha oylik maoshi 20 million soʻm degani emas!

Agentlik eʼlon qilgan dastlabki maʼlumotlarda keltirilgan raqamlar oʻtgan 2023 yilning yanvar-dekabr oylariga oid boʻlib, unda qishloq xoʻjaligi va kichik tadbirkorlik subʼektlari boʻyicha maʼlumotlar oʻz aksini topmagan.

Avvalo shuni aytib oʻtish kerakki, inflyatsiyani hisobga olmasak, oʻrtacha oylik ish haqi (OʻOIH) koʻtarilib borish dinamikasini qayd etgan. Masalan, 2019 yilda oʻrtacha oylik ish haqi 2324,6 ming soʻm boʻlgan, 2020 yilda bu koʻrsatkich 2673,3, 2021 yilda 3214,8, 2022 yilda 3882,2 ming soʻmni, hisobot davrida – 2023 yilda esa 4551,4 ming soʻmni tashkil etgan.

Oʻzbekiston boʻylab OʻOIH oʻtga yilgi koʻrsatkichga nisbatan +17,2% ga oʻsgan.

Hududlar kesimida qarasak, eng katta OʻOIH Toshkent shahriga xos boʻlib, 7453,4 ming soʻmdan iborat.

Ikinchi oʻrindan Navoiy (5887,8 ming soʻm), uchinchi oʻrindan esa Toshkent viloyati (4526,0 ming soʻm) oʻrin olgan.

Eng kam OʻOIH esa 3310,6 ming soʻm boʻlib, Namangan viloyatiga tegishli. Undan tepadagi esa 3367,7 ming soʻmlik koʻrsatkich bilan Qashqadaryo viloyati va 3408,4 ming soʻmlik koʻrsatkich bilan Samarqand viloyati turibdi.

Oʻrtacha hisoblaydigan boʻlsak, viloyatlar kesimida OʻOIHning oʻsish foizi eng kam koʻrsatkichi 13,2% Namangan viloyatiga xos boʻlib, eng katta oʻsish darajasi, tabiiyki, poytaxt Toshkent shahriga (+18,7%) xos.

Albatta, bu oʻrinda ish haqi fondining “baquvvatligi” bilan birga, aholi soni ham muhim rol oʻynaydi. Aytaylik, Toshkent shahrida va Navoiy viloyatida yaxshi maosh toʻlaydigan korxonalar koʻp. Navoiy viloyatida aholi siyrak, Namangan, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida esa aholi koʻpligi bois, oʻrtacha qiymat ham past chiqishi normal holat deyish mumkin.

Statistik maʼlumotlarda, shuningdek, 2023 yil holatiga koʻra, iqtisodiy faoliyat turlari boʻyicha xodimlar sonining jamiga nisbatan ulushi ham koʻrsatilgan. Yaʼni, korxona va tashkilotlarda (qishloq xoʻjaligi va kichik tadbirkorlik subʼektlarisiz) mehnat daftarchalari mavjud boʻlgan, oʻrtacha oylik ish haqini hisoblashda hisobga olinganlar ulushi ham hisoblab chiqilgan.

Jumladan, eng kam ulushni 12%ni tashkil etuvchi sohalar tashish va saqlash (3,7%), savdo (2,5%), qurilish (2,3%), moliya va sugʻurta (2,1%), axborot va aloqa sohasi (1,4%) ekani oʻz aksini topgan. Eng “jozibador” sohalar taʼlim (37,7%), sanoat (18,3%) va sogʻliqni saqlash (16,9%) sohalaridir.

2023 yil yanvar dekabr oylarida iqtisodiy faoliyat turlari boʻyicha oʻrtacha oylik ish haqining eng baland koʻrsatkichi moliya va sugʻurta sohasiga toʻgʻri keladi (13 mln. 323,2 ming soʻm). Shuningdek, axborot va aloqa sohasi 10 mln. 602,1 ming soʻmni, tashish va saqlash sohasi 6 mln. 936,7 ming soʻmni va sanoat sohasi 5 mln. 622,2 ming soʻmni tashkil etib, oʻrtacha oylik ish haqiga nisbatan yuqori koʻrsatkichni qayd etgan. Shu bilan birga, taʼlim (3 mln. 123,0 ming soʻm) hamda sogʻliqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish (3 mln. 002,6 ming soʻm) sohalari esa boshqa sohalarga nisbatan eng past darajalarda ekaniga guvoh boʻlish mumkin.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid