"Xavfsiz harakat" ijtimoiy loyihasiga yangi hamkorlar jalb etildi

Shuningdek, loyihaning shu paytgacha bajargan ishlari namoyish etildi. 

Jamiyat
26-yanvar, 17:04
"Xavfsiz harakat" ijtimoiy loyihasiga yangi hamkorlar jalb etildi

 25 yanvar kuni Oʻzbekiston marketing uyushmasi klubining majlisida oʻz sohasida professional boʻlgan yuqori malakali mutaxassislar uchun XAVFSIZ HARAKAT ijtimoiy loyihasi taqdim etildi.

Ushbu taqdimotning maqsadi loyihaga Oʻzbekistonda yoʻl harakati masalalarini hal etish borasida koʻmaklashishda manfaatdor boʻlgan yangi hamkorlarni jalb qilishdan iborat. Golden House developer kompaniyasi mazkur tadbir hamkori boʻldi.

Gross sugʻurta kompaniyasi Boshqaruvi raisi Otabek Nazarov: “Shuni qayd etish joizki, soʻnggi paytlarda korporativ muhitda ijtimoiy loyihalar tashabbusi bilan chiqish borasida ijobiy tamoyil kuzatilmoqda. Rivojlanish strategiyasini ishlab chiqqan holda biz eʼtiborimizni nafaqat biznes koʻrsatkichlarni yaxshilashga jamladik, balki jamoatchilik nazaridagi dolzarb masalalarni hal etishda qanday hissa qoʻshishimiz mumkin degan savolni ham oʻz oldimizga qoʻydik. Biz avtosugʻurta bozorida salmoqli ulushi boʻlgan sugʻurta kompaniyasi sifatida XAVFSIZ HARAKAT loyihasi tashabbusi bilan chiqqan holda jamoatchilik diqqat-eʼtiborini yoʻllardagi hodisalar va ularning oqibatlari muammosiga qaratish masʼuliyatini oʻz zimmamizga oldik. Axir avtomobilni tiklash mumkin, ammo inson hayotini qaytarib berish bizning ixtiyorimizda emas. 

Shuningdek, tadbirda loyihaning ijodiy gʻoyasi,  shu paytgacha bajargan ishlari haqida taqdimot bilan tanishtirildi. Xususan, Gross sugʻurta kompaniyasi, Uzum Market hamda Toshkent shahri Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan zaif eshituvchi bolalar internat maktabi tarbiyalanuvchilariga yorugʻlikni qaytaruvchi elementlari va piyodalar oʻtish joyi belgisi tushirilgan xarid-sumkalar topshirildi va bu mazkur loyiha doirasidagi ilk qadam boʻldi.

“Yashagim kelar” qoʻshigʻi va u boʻyicha suratga olingan klipni taqdim etilishi esa keyingi bosqichni boshlab berdi. Estrada yulduzlari – reper Konsta va Anvar Joʻrayev ham tashabbusga befarq boʻlmagan holda YTHda jabrlangan insonlar bilan yuz bergan real voqealarga asoslangan qoʻshiq va unga ishlangan klipni aholiga taqdim etishdi. Klip ikki oy ichida turli platformalarda 885 659 marta tomosha qilindi.

Qolaversa, Yangi yilda Gross kompaniyasi Toshkent shahri IIBB bilan hamkorlikda ”Baxt maktublari” aksiyasini oʻtkazdi, unda 2023 yil davomida jarimaga tortilmagan haydovchilar avtosugʻurta uchun individual vaucherlar bilan ragʻbatlantirildi. Mazkur aksiya masʼuliyat va vijdonan yondashgan holda yuqori haydovchilik madaniyatini namoyon qilish yoʻl harakatining barcha ishtirokchilari uchun hurmat belgisi ekanligini koʻrsatdi. 

Tadbir davomida loyihaning tashabbuskori boʻlgan Gross  kompaniyasi va Golden House kompaniyasi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Shuningdek, Marketing va reklama sohasida oʻz faolligi tufayli Gross kompaniyasi sugʻurta kompaniyalari oʻrtasida “Oʻzbekiston brendlari va agentliklarining marketing samaradorligi reytingi”da yana bir bor yetakchi boʻldi hamda mamlakatda taqdim etilgan barcha brendlar orasida top-20 roʻyxatiga kirdi. Kompaniyaning rasmiy taqdirlash marosimi ham tadbir doirasida boʻlib oʻtdi.

Marketing uyushmasining raisi Diyor Mirzaaxmedov: “GROSS sugʻurta kompaniyasining XAVFSIZ HARAKAT loyihasi bozorda yetakchilik qilayotgan kompaniyalar uchun kommunikatsiyalarda ijtimoiy yoʻnalishning muhim ahamiyatga ega ekanligiga yorqin namunadir”. 

Odinaxon Dehqonova tayyorladi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+