Sobiq bankir soxta tezkor tadbir bahonasida milliardlarni oʻgʻirladi

“Xalq banki” ATB Kosonsoy tumani filiali sobiq ish boshqaruvchisi pullarni olib, Qirgʻizistonga qochib ketgan.

Jamiyat
26-yanvar, 13:52
Sobiq bankir soxta tezkor tadbir bahonasida milliardlarni oʻgʻirladi

“Xalq banki” ATB Kosonsoy tuman filiali ish boshqaruvchisi lavozimida ishlagan K.Q.V. soxta tezkor tadbir uchun pul kerakligini aytib, oʻz ishxonasidan katta miqdordagi pullarni olib chiqib ketgan.

U 2023 yil 9 avgustda ishdan olingan, ammo filial bosh hisobchisi va kassa mudiri bilan oldindan til biriktirib, 17 avgust kuni kassa omboriga birgalikda kirishgan. Ular goʻyoki departamentning Kosonsoy tumani boʻlimi xodimlari tomonidan tezkor tadbir oʻtkazilayotganini, tadbirda foydalanish uchun pul kerakligini aytishgan.

Shu tariqa kassa omboridan 137 000 AQSh dollari va 1,2 mlrd. soʻm pulni chiqim orderi rasmiylashtirgan holda qoʻlga kiritib, pul mablagʻlaridan hech qanday tadbirda foydalanmasdan, ishonib topshirilgan yoki ularning ixtiyorida boʻlgan oʻzganing mulkini oʻzlashtirish va rastrata qilish yoʻli bilan talon-toroj qilgan.

Jinoyat ishlari boʻyicha Kosonsoy tumani sudining 2023 yil 18 avgustdagi ajrimiga asosan sirtdan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan, 2023 yil 19 avgust kuni u Qirgʻizistonda ushlanib, 2024 yil 16 yanvar kuni Oʻzbekistonga olib kelingan, 2024 yil 19 yanvar kuni JPKning 221-moddasi tartibida ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan K.Q.V. 2023 yil 18 avgust kuni Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan sirtdan ayblanuvchi tariqasida ishga jalb qilingan.

2024 yil 20 yanvardagi sud ajrimiga koʻra, ayblanuvchiga qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+