platina.uz
Iqtisod

Shavkat Mirziyoyev Xitoydagi investitsiya forumida qatnashdi

Shuningdek, Prezident yirik biznesmenlar bilan uchrashuv oʻtkazdi. 

Shavkat Mirziyoyev Xitoydagi investitsiya forumida qatnashdi

Xitoy Xalq Respublikasiga davlat tashrifining ishbilarmonlik tadbirlari davomida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Guandun muzofoti partiya qoʻmitasi kotibi Xuan Kunmin bilan birgalikda Shenchjen shahrida oʻtayotgan qoʻshma Investitsiya forumida ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari oʻtgan yil may oyida Xitoyga davlat tashrifi doirasida ham ushbu mamlakat ishbilarmon, moliya va investitsiya doiralarining yetakchi vakillari bilan uchrashuvlar oʻtkazgan edi. Oʻshanda erishilgan muhim kelishuvlar ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklikni yanada kengaytirdi.

Bugungi investitsiya forumi samarali muloqotning davomi boʻlib, ikki mamlakat idoralari va hududlari rahbarlarini, Xitoy yirik biznesining 600 nafardan ziyod vakilini toʻpladi. Xitoyning Milliy neft-gaz korporatsiyasi, Milliy kimyo-injiniring kompaniyasi, Aerokosmik ilmiy-sanoat korporatsiyasi, “China Energy”, “Gezhouba Group”, “China CAMC Engineering”, “Huawei Technologies”, “SANY Renewable Energy”, “BYD Auto Industry”, “Xinjiang Hualing Group”, “ZTE”, “TBEA”, “Universal Energy” kompaniyalari, Xitoy taraqqiyot banki, Davlat taraqqiyot banki, Eksport-import banki shular jumlasidan.

Davlatimiz rahbari forumni ochar ekan, barcha ishtirokchilarni samimiy qutladi va tadbir haqli ravishda Xitoyning innovatsiyalar poytaxti hisoblangan Shenchjen shahrida oʻtkazilayotganida oʻziga xos ramziy maʼno mujassam ekanini taʼkidladi.

- Bugun mamlakatlarimiz oʻrtasidagi keng qamrovli va oʻzaro manfaatli munosabatlar, birinchi navbatda, iqtisodiy hamkorlik aloqalaridan kuch oladi, - dedi Prezident.

Kecha XXR Raisi Si Szinpin bilan samarali muzokaralar oʻtkazilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Erishilgan natijalardan biri mamlakatlarimiz biznes vakillari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va ularga qulay sharoitlar yaratish boʻyicha kelishuvlar boʻldi.

Qabul qilingan tarixiy hujjat – Oʻzbekiston-Xitoy munosabatlarini barcha sharoitlarda har tomonlama strategik sheriklik darajasiga olib chiqadigan davlat rahbarlarining Qoʻshma bayonoti ham bunga xizmat qiladi.

Oʻzbekiston Prezidenti ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik jadal surʼatda oʻsib, keng koʻlam kasb etayotganiga alohida eʼtibor qaratdi.

Xususan, keyingi yillarda oʻzaro savdo hajmi ikki barobar koʻpayib, 2023 yilda rekord koʻrsatkich - 14 milliard dollarga yetdi. Davlatimiz rahbari yaqin yillarda, shu jumladan qishloq xoʻjaligi va sanoat mahsulotlarini oʻzaro yetkazib berishni kengaytirish, ayrim turdagi mahsulotlar boʻyicha imtiyozli savdoni yoʻlga qoʻyish toʻgʻrisida yangi hukumatlararo bitim tuzish orqali bu koʻrsatkichni 20 milliard dollarga yetkazish uchun imkoniyat borligini yana bir bor qayd etdi.

Xitoyning Oʻzbekistonga kiritgan umumiy investitsiyalari hajmi 14 milliard dollardan oshdi. Xitoy sarmoyasi ishtirokidagi korxonalar soni uch barobar koʻpaydi.

Davlatimiz rahbari yaqinda Urumchida oʻtgan hududlararo forum va sanoat mahsulotlari koʻrgazmasida muhim investitsiya kelishuvlari imzolanganini yuqori baholadi.

Oʻzbekiston tomoni ushbu ishbilarmonlik platformasiga tizimli tus berish va navbatdagi forumni yurtimizda oʻtkazishga tayyorligi bildirildi. Shuningdek, davlatimiz rahbari doimiy faoliyat yuritadigan ikki mamlakat hududlari kengashini tashkil etish boʻyicha rejalarni olqishladi.

Maʼlumki, Yangi Oʻzbekistonda iqtisodiyotni liberallashtirish va bozor mexanizmlarini joriy qilish boʻyicha tarkibiy oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda.

Yuqori texnologik sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tuzilgan. Shu oydan boshlab “sanoat ipotekasi” ishga tushirilmoqda, bunda yer va ishlab chiqarish maydonlari “tayyor biznes” shaklida investorlarga beriladi.

Yirik banklar, sanoat va infratuzilma obʼektlarini xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy qilishga katta eʼtibor qaratilayotgani taʼkidlandi.

Birgalikdagi saʼy-harakatlarni yangi loyiha va tashabbuslarni ilgari surishga safarbar etish muhimligini qayd etib, davlatimiz rahbari kelgusi hamkorlikning ustuvor va istiqbolli yoʻnalishlarini koʻrsatib oʻtdi.

Bular - infratuzilmani rivojlantirish loyihalariga Xitoy moliya institutlari mablagʻlarini jalb qilishning soddalashtirilgan tartibini joriy qilgan holda ushbu mamlakat kompaniyalari bilan sheriklikni kengaytirish, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida, shu jumladan strategik xomashyoni chuqur qayta ishlashda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish.

Bundan tashqari, qishloq xoʻjaligini barqaror yuritishda Xitoyning ilgʻor texnologiyalarini jalb qilish hamda yerlarni qayta tiklash va tuzga chidamli oʻsimliklarni ekish boʻyicha ilmiy yondashuvlarini joriy qilish.

“Yashil” energetikada strategik sheriklikni yanada ilgari surish va Xitoy kompaniyalarining xususiylashtirish dasturida ishtirok etishi ham muhim yoʻnalishlar sifatida qayd etildi.

Shu munosabat bilan investitsiya loyihalari portfelini, infratuzilma va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish dasturlarini kengaytirish boʻyicha xitoylik sheriklar bilan kelishuvlarga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Shuningdek, tashrif davomida Xitoyning yetakchi banklari tomonidan loyihalarni moliyalashtirishni kengaytirish, Eksport-import banki vakolatxonasini ochish va Ipak yoʻli fondi bilan birgalikda yangi Investitsiya platformasini yaratish boʻyicha qabul qilingan qarorlar xitoylik hamkorlarning Oʻzbekistondagi muvaffaqiyatli faoliyatiga kuchli surʼat bagʻishlashi taʼkidlandi.

- Yana bir yangilik. Har bir xitoylik hamkorga loyihalar boshidan oxirigacha hamrohlik qiluvchi investitsiya menejeri tayinlanadi. Ular kompaniyalaringiz loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirishida yangi imkoniyatlar yaratishiga qatʼiy ishonamiz, - dedi Prezident.

Guandun muzofoti partiya qoʻmitasi kotibi Xuan Kunmin ham forum ishtirokchilariga murojaat qildi. Prezidentimiz olib borayotgan ortga qaytmas islohotlar siyosatini toʻliq qoʻllab-quvvatlashini bildirib, Oʻzbekistonda ochilayotgan katta imkoniyatlarni qayd etdi hamda Xitoy biznesini mamlakatimizda oʻzaro manfaatli loyihalarni amalga oshirishda yanada faolroq ishtirok etishga chaqirdi.

Biznes forumi yakunida energetika, neft-gaz, togʻ-kon, elektrotexnika, yengil sanoat, mashinasozlik, infratuzilmani rivojlantirish, qishloq xoʻjaligi, taʼlim, transport va logistika sohalarida loyihalarni amalga oshirish boʻyicha hujjatlarning katta toʻplami imzolandi.

“Yoʻl xarita”si ishlab chiqilib, har bir loyihaga masʼul menejerlar biriktiriladi.

Yakunda Oʻzbekiston Prezidenti ushbu Guandun investitsiya forumini har yili tashkil etish tashabbusini ilgari surib, uning navbatdagi uchrashuvini kelgusi yilda Samarqand shahrida oʻtkazishni taklif qildi.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Shenchjen shahridagi tadbirlar doirasida Ipak yoʻli fondi raisi Chju Szyun bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Fond 2014 yilda Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin tashabbusi bilan “Bir makon, bir yoʻl” loyihasi doirasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan.

Uchrashuvda sanoat kooperatsiyasi va infratuzilmani rivojlantirishni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash uchun fond bilan birgalikda yaratilgan investitsiya platformasi imkoniyatlarini faol ishga solish orqali istiqbolli loyihalarni amalga oshirish borasidagi rejalar koʻrib chiqildi.

Bundan tashqari Davlat tashrifining ishbilarmonlik dasturi doirasida Shavkat Mirziyoyev Shenchjen shahrida “SANY” kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Syan Venboni qabul qildi.

“SANY” shamol turbinalarini ishlab chiqaruvchi dunyoning yetakchi 10 ta kompaniya qatoriga kiradi. Shamol energetikasi qurilmalarini ishlab chiqarish va sotishga, shamol elektr stansiyalarini loyihalashtirish, qurish, ishlatish va boshqarishga ixtisoslashgan.

Uchrashuvda kompaniyaning Qoraqalpogʻiston Respublikasida shamol elektr stansiyasini barpo etish, shamol turbinalarining butlovchi qismlarini, qurilish va ogʻir yuk texnikasini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish kabi loyihalarni amalga oshirish rejalari qoʻllab-quvvatlandi.

Davlatimiz rahbari mutasaddilarga erishilgan kelishuvlar amalga oshirilishini jadallashtirish boʻyicha alohida “yoʻl xaritasi”ni qabul qilishga topshiriq berdi.

Shavkat Mirziyoyevning Shenchjen shahriga tashrifi doirasidagi yana bir uchrashuvi “CSG” kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Men Chjenpin bilan boʻldi.

Xitoyning elektr tarmoqlari sohasidagi yetakchi kompaniyalardan biri “CSG” tarmoqlarni qurish va boshqarishga ixtisoslashgan. Kompaniyaning bozor kapitallashuvi 60 milliard dollarni tashkil etadi.

Uchrashuvda istiqbolli kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari koʻrib chiqildi. Xitoy kompaniyasi ishtirokida loyihalashtirish va injiniring boʻyicha zamonaviy tizimlarni, energetik xavfsizlikni taʼminlash va energiya tarmoqlarida yoʻqotishlarni kamaytirish boʻyicha yuksak standartlarini joriy qilishga alohida eʼtibor qaratildi.

Tavsiya etamiz

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid