platina.uz
Iqtisod

Narx-navo, kredit, inflyatsiya: asosiy stavka oʻzgarmadi

Markaziy bank asosiy stavka oʻzgarmasligi qaysi yoʻnalishga qanday taʼsir oʻtkazishini tushuntirdi.

Narx-navo, kredit, inflyatsiya: asosiy stavka oʻzgarmadi

Iqtisodiyotdagi yuqori talab dinamikasi taʼsirida shakllanayotgan kutilmalarni inobatga olib, asosiy stavka darajasi 14 foiz miqdorida oʻzgarishsiz qoldirildi. Prognozlarga koʻra, inflyatsiya yil yakunida 8-9 foizni tashkil etishi kutilmoqda.

Shakllantirilayotgan pul-kredit sharoitlari inflyatsiyani 5 foizlik target darajasigacha barqaror pasayish trayektoriyasini taʼminlashga qaratilgan.

Umumiy inflyatsiya soʻnggi oylarda 8,8 foiz darajasida saqlanib qoldi. Isteʼmol savatidagi tovarlar guruhida inflyatsiyaning pasayishiga qaramasdan, xizmatlar inflyatsiyasi oxirgi chorakda biroz tezlashdi. Bu esa, kelgusida talab tomonidan umumiy inflyatsiyaga oshiruvchi bosimlarning kuchayish ehtimoli mavjudligini koʻrsatadi.

Bank tizimida likvidlikdagi tarkibiy profitsitning qisqarib borishi bilan bir qatorda, pul bozorida operatsiyalarning faollashuvi kuzatilmoqda. Pul bozoridagi qisqa muddatli foiz stavkalarining joriy yil davomida ham monetar operatsiyalarni faol qoʻllagan holda foiz koridori doirasida shakllanishi uchun sharoit yaratib boriladi.

Milliy valyutadagi depozitlar boʻyicha yuqori ijobiy real foiz stavkalari sharoitida bank depozitlari hajmining oʻsuvchi dinamikasi saqlanib qolishi kutilmoqda.

Yangilangan prognozlarga koʻra, asosiy ssenariy boʻyicha 2024 yilda umumiy inflyatsiya 8-9 foiz, bazaviy inflyatsiya darajasi esa 7-8 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda.

Ayni paytda ayrim tartibga solinadigan narxlarda kutilayotgan oʻzgarishlar, aksiz va qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha kiritilgan soʻnggi oʻzgartirishlar hisobiga keyingi oylarda ichki narxlarga bir martalik taʼsir ehtimollarini pasaytirish choralari koʻrilmoqda.

Asosiy tashqi xatarlar, global fragmentatsiyaning kuchayishi va yuqori global inflyatsion jarayonlarning uzoqroq muddat saqlanib qolishi bilan bogʻliq boʻladi.

Yalpi ichki mahsulotning real oʻsishi 5,5-6 foiz atrofida boʻlishi prognoz qilinmoqda. Iqtisodiy oʻsishning asosiy omillari bir tomondan, isteʼmol talabi boʻlsa, ikkinchi tomondan, tarkibiy islohotlar taʼsirida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy va mahalliy investitsiyalar hajmining oshishi boʻladi.

Asosiy stavkani koʻrib chiqish boʻyicha navbatdagi yigʻilish 2024 yil 14 martga belgilandi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid