platina.uz
Jamiyat

Fargʻonadagi muammolar oʻrganilmoqda

Prezident Administratsiyasi xodimlari, vazirlik va idoralar masʼullari mazkur ishga jalb etildi.

Fargʻonadagi muammolar oʻrganilmoqda

Prezident topshirigʻiga asoan Prezident administratsiyasi va Xalq qabulxonalari boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi joylarda oʻz faoliyatini davom ettirmoqda. Ishchi guruhi tomonidan Fargʻonada aholi kayfiyati bilan bogʻliq dolzarb masalalarni oʻrganish va sohaviy muammolarni joyida hal etish ishlari boshlandi.

Ishchi guruhiga Prezident maslahatchisining oʻrinbosari – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasi rahbari U.Muhammadiyev boshchiligida Prezident Administratsiyasi masʼul xodimlari, vazirlik va idoralar masʼullari jalb etildi.

Ishchi guruh aʼzolarining eʼtibor markazida viloyat boʻyicha aholini yillar davomida qiynab kelayotgan eng dolzarb muammolarni, shaxsiy murojaatlarni imkon qadar joyida hal etish, tanlab olingan mahallalarda “Obod xonadon - obod koʻcha - obod mahalla” mezonlarini joriy etish boʻyicha ishlarni yanada jadallashtirish masallari boʻldi. Shundan kelib chiqqan holda Xalq qabulxonlari, vazirlik va idoralar, viloyat, tuman sektorlari rahbarlariga topshiriq berilib, ijrosi nazoratga olindi.

Oʻtgan ikki kun davomida Xalq qabulxonalari tomonidan tuman, shahar sektorlari bilan hamkorlikda 11 ta sayyor qabul tashkil etildi. Qabullarda 308 nafar fuqaro tomonidan 320 ta masala koʻtarildi. Murojaatlarning 102 tasi joyida hal etildi, 92 tasi boʻyicha tushuntirish berilib, qolgan 126 ta masala ijrosi nazoratga olindi.

Jumladan, Buvayda tumani “Oʻrta qoʻngʻirot” mahallasida tashkil etilgan qabulda 27 nafar fuqarolar 22 ta masalada murojaat qildi. 4 tasi joyida hal etilib, 18 tasi boʻyicha tegishli idora va tashkilot rahbarlariga topshiriqlar berildi, ijrosi nazoratga olindi. Jumladan, “Qoratepa” mahallasida yashovchi O.Qoʻldashevning ichimlik suvi tarmogʻini taʼmirlash masalasi ijobiy hal etildi. Yoki Fargʻona shahri “Kirgili” mahallasida yashovchi fuqaro M.Dadajonovaning sud qarori ijrosi, himoya orderi, gaz, moddiy yordam masalalari ijobiy hal etildi.

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan 153 ta murojaat qayta oʻrganilib, 19 tasi ijobiy hal etildi. Jumladan, Fargʻona tumani “Oq oltin” mahallasida yashovchi B.Gʻiyosiddinovaning farzandi 47-sonli maktabgacha taʼlim tashkilotiga joylashtirildi, Beshariq tumani “Qoraqoʻyli” mahallasida yashovchi M.Qayumovning oilaviy matabgacha taʼlim tashkiloti uchun subsidiya mablagʻlarini olish yuzasidan murojaati ijobiy hal etildi.

Buvayda tumanidagi 17-sonli umumtaʼlim maktabida tumandagi band boʻlmagan, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” roʻyxatidagi fuqarolar uchun boʻsh ish oʻrinlari “Mehnat yarmarkasi” oʻtkazildi. Unda tumandagi 51 ta korxona, tashkilot, muassasalar va fermer xoʻjaliklari 241 ta boʻsh ish oʻrinlari bilan qatnashdi. Jami 85 nafar fuqarolar ishtirok etdi. Tadbir davomida 42 nafar fuqarolarning bandligi taʼminlandi. Shundan, 22 nafariga ishga joylashish uchun yoʻllanma berildi, 20 nafar fuqaro “VODIY TRADE 007” korxonasiga kasanachi sifatida ishga qabul qilindi va ularga subsidiya asosida tikuv mashinasi berildi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan Quva tumani “Qoraqum” mahallasi aholisi uchun tibbiy koʻrik tashkil etilib, koʻrik davomida 190 nafar fuqarolar chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. 132 nafar fuqarolarda turli kasalliklar aniqlandi. 124 nafar bemorlarga ambulator sharoitda davolanishga tavsiya berildi, 8 nafar bemorlarga shahar va viloyat muassasalarida davolanish va tekshiruvlar uchun yoʻllanma berildi. Tibbiy koʻrikda Quva tuman koʻp tarmoqli markaziy poliklinikasida kardiolog, LOR, dermatolog, psixiatr nevropatolog mutaxassislari ishtirokida laboratoriya, EKG va skrining tekshiruvlari oʻtkazildi.

Bundan tashqari, kelib tushgan murojaatlar asosida aholi 283 tonna suyultirilgan gaz bilan taʼminlandi. Oʻzbekiston tumani “Sulaymon” mahallasidagi aholi isteʼmolchilariga tabiiy gaz yetkazib beruvchi oʻrta va past bosimli gaz quvurlarida tamirlash, tartibga keltirish va boʻyoqlash ishlari amalga oshirildi.

Elektr taʼminoti sohasidagi murojaatlarni hal etish uchun jami 2,9 km elektr tarmogʻi tortildi hamda yangi 2 ta transformator punkti va 60 ta temir-beton tayanchlar oʻrnatildi. Misol uchun, Buvayda tumani “Jaloir” mahallasida 0,2 km tarmoq tortildi va “Tepalik” mahallasida 10 ta tayanch oʻrnatildi.

Ichimlik suvi taʼminoti boʻyicha kelib tushgan murojaatlar asosida Fargʻona shahar “A.Qodiriy” mavzesidagi 250 ta koʻp qavatli uylarning ichimlik suvi taʼminotini uzluksizligini taʼminlash maqsadida quvurlarni almashtirish ishlari olib borilmoqda. Qoʻqon shahar “Achchiqkoʻl” mahallasidagi 28-sonli suv inshootida ichimlik suvi nasosi taʼmirlandi.

Respublika ishchi guruhi faoliyati davom etmoqda.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid