IIV ID-kartani yoʻqotganlik uchun jarimani oshirmoqchi
Shuningdek, "pasport stol" rahbarlariga jarima qoʻllash vakolati ham berilyapti.

Ichki ishlar vazirligi tayyorlagan qonun loyihasiga koʻra, ID-kartani qasddan yoki ehtiyotsizlik oqibatida yoʻqotganlar uchun bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari (amalda yarim baravar) miqdorida jarima belgilanmoqda.
Shuningdek, ID-kartani vaqtida olmaganlar uchun ham BHMning bir baravari (amalda yarim baravar) miqdorida jarima qoʻllaniladi. Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlimlari boshliqlariga fuqarolarni jarimaga tortish vakolati berilyapti.
Bundan tashqari, 18 yoshgacha boʻlgan, 60 yoshdan oshgan, toʻliq davlat taʼminotidagi, tabiiy, texnogen va maishiy favqulodda holatlarda fuqarolar javobgarlikdan ozod etilyapti.
Ushbu qonun loyihasiga deputat Oʻktam Islomov eʼtiroz bildirib, qasddan yoʻqotish va ehtiyotsizlik bilan yoʻqotish orasidagi farqni aytgan. Uning taklifiga koʻra, har ikkalasini alohida koʻrsatib, javobgarlikni ham shunga qarab yengillashtirish kerak.
Deputat Doniyor Gʻaniyev esa ID-kartani har bir fuqaro oʻz puliga sotib olishi, lekin yoʻqolsa, ham jarima toʻlashi, ham qayta tiklashga yana pul toʻlashi nohaqlik ekanini bildirdi.
Qonun loyihasi aytilgan takliflar va savollarni inobatga olib, tuzatish sharti bilan birinchi oʻqishda qabul qilindi.