platina.uz
Jamiyat

Hatto Brejnevgayam yozilgan: yarim asrlik murojaat tarixi

Andijondagi koʻprik muammosi 1968 yildan buyon hal etilmagandi. 

Hatto Brejnevgayam yozilgan: yarim asrlik murojaat tarixi

Husanboy ota ushlagan joyini qoʻyvormaydigan odam. Bir ishni boshladimi, to yakuniga yetkazmaguncha tinchimaydi. Boʻlmasa, 1968 yildan buyon bitmagan ish uchun yarim asrdan buyon idorama-idora yurmas edi.

Gap shundaki, Andijon viloyati Izboskan tumanidagi Katta qishloq mahallasi oʻrtasidan oqib oʻtuvchi Tentaksoy daryosiga solingan eski koʻprikni bundan yarim asr muqaddam sel yuvib ketgan. Rahbarlarning eʼtiborsizligi tufayli uni taʼmirlash shuncha yildan buyon paysalga solib kelingan. Odamlar daryoning u tomoniga oʻtish uchun 14 kilometr yoʻl bosishga majbur boʻlgan. Husanboy ota keksayu yoshning, ayniqsa ayollarning yoʻl azobini tortayotganini koʻrib, achinadi. Qanchadan-qancha idoralar eshigida sargʻayadi. Ammo bu koʻprikni taʼmirlash uchun mablagʻ berilmaydi. Rahbarlar esa “Keyingi yil dasturiga kiritamiz” degan vaʼdani berishdan charchashmaydi.

— Hatto sobiq ittifoq davrida Leonid Brejnevga ham shu koʻprikni taʼmirlash yuzasidan ariza yozganman, — deydi Husanboy ota Orifjonov. — Mustaqillik yillarida ham deyarli murojaat qilmagan rahbar qolmagan. Ariza boʻyicha kelib koʻrishadi, uzunligi 73 metr, eni 10 metrlik koʻprikni qurish uchun katta mablagʻ talab etilishi bois, ishni orqaga surishadi. Nihoyat Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xalq qabulxonasiga qilgan murojaatim tufayli muammo hal boʻldi. 6 milliard 734 million soʻm mablagʻ ajratildi, qurilish boshlandi va tez orada koʻprik foydalanishga topshirildi.

Yangi koʻprik Izboskan va Paxtaobod tumani aholisi uchun qulaylik yaratibgina qolmasdan, transport vositalari harakati uchun ham asosiy vosita vazifasini oʻtamoqda. Natijada 500 ming nafardan ziyod aholiga qulaylik yaratilib, uzogʻi yaqin qilindi. Husanboy otaning yarim asrlik murojaati hal etildi.

Prezident Xalq qabulxonasiga Choʻrtonliq mahallasidan Tursunboy Qoʻchqorov maktub yoʻllab, oʻn yildan buyon qishloqda yangi maktab qurishni soʻrab murojaat qilayotganini, lekin biror natija boʻlmayotganini aytgan. Murojaat oʻrganib chiqilgach, koʻp oʻtmay dasturga kiritildi. Tezkor amalga oshirilgan saʼy-harakatlar tufayli qishloq bolalari yangi maktabda qatnay boshladi. 210 oʻrinli maktab Choʻrtonliq mahalla ahliga munosib tuhfa boʻldi.

Bundan tashqari, Oybek mahallada yashovchi Boqijon Mahmudov oʻz murojaatida Izboskan tumanida xususiy shifoxona ochib, aholiga tibbiy xizmat koʻrsatib kelayotganini maʼlum qilgan. Muammo shundaki, aholiga zamonaviy tibbiy xizmat koʻrsatish maqsadida Xitoydan olib kelinayotgan 2 milliard 400 million soʻmlik zamonaviy tibbiy jihozlar 5 oydan buyon bojxona terminali omborxonasida nomaʼlum sabablarga koʻra ushlab turilgan. Bu murojaat ham Xalq qabulxonasi aralashuvi bilan ijobiy hal etildi va tibbiy jihozlar shifoxonaga keltirib oʻrnatildi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid