Tatar rasmiylariga oʻzbek tilini oʻrganish tavsiya etildi
Iqtisodchi Natalya Zubarevich mutasaddilarga murojaat bilan chiqdi.

Rossiyalik iqtisodchi Natalya Zubarevich tataristonlik amaldorlarga oʻzbek tilini oʻrganishni tavsiya qildi.
Uning taʼkidlashicha,Tatariston hukumati, umuman, Rossiya hech boʻlmaganda 2020-yillarning oxirigacha ishchi kuchi yetishmasligi muammosini hal qila olmaydi.
“Bu haqda biron (ishchi kuchini koʻpaytirish) narsa qilish endi ilojsiz. Eng yomoni, investitsion jozibador hududlar uchun bu rivojlanish yoʻlidagi asosiy toʻsiqdir. Ayollar farzand koʻrmayapti”, - dedi u Qozonda respublika investitsiyalarni rivojlantirish agentligi yigʻilishida soʻzlagan nutqida.
Zubarevich muammoni mamlakat aholisining demografik tuzilishining oʻziga xos xususiyatlari bilan izohladi. Rossiyadagi mavjud mehnat bozori ishchi kuchi yetishmasligi muammosini hal eta olmayapti.
Iqtisodchi mutasaddilarga “Oʻzbekistonga nigoh tashlashni” taklif qildi. “Oʻzbekiston kadrlar sifati borasida Tojikistondan yaxshiroq", dedi Zubarevich xonim. Shu bilan birga, u chet elliklar oilalari bilan kelsa ijtimoiy xarajatlar ortib borishi haqida ogohlantirdi.
“Qisqasi, siz endi Rossiyada ishchi topa olmaysiz. Uni Kavkazdan topish ham oʻzini oqlamaydi. Oʻzbekistonliklar esa bir nechta yigʻish zavodlarini, jumladan, koreyslar bilan hamkorlikda ham qurishga muvaffaq boʻldilar. Shuning uchun oʻzbek tilini oʻrganing, bu sizga oson”, — dedi iqtisodchi Tatariston rasmiylariga.