“Maqsadmetr” ixtiro qilindimi?

Senat bu loyihani qabul qilsa, Oʻzbekiston va prezident yillar davomida misqollab topgan xalqaro obroʻ va imij yer bilan yakson boʻladi, mamlakat politsiya davlatiga aylanadi.

Maqola
19-yanvar, 20:29
“Maqsadmetr” ixtiro qilindimi?

AQShda yostiq, koʻrpa va matraslarning yorligʻini yulib tashlash qonunan taqiqlanadi! Yorliqlarga katta harflar bilan “Yorliqni olib tashlash qonun bilan jazolanadi”, deb yozib qoʻyilgan. Bu hazil yoki afsona emas, haqiqatan amaldagi qonuniy meʼyor. Bir qarashda gʻalati, hatto axmoqona qonun, toʻgʻrimi? Lekin sababini qarasangiz, bu gʻalati talab aslida isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish uchun amalga tatbiq etilgan. Boisi, oʻz davrida, XIX asrda vijdonsiz ishlab chiqaruvchilar koʻrpa, yostiq va matraslarni duch kelgan yumshoq narsalar, hatto chiqindixonadan terib kelingan materiallar bilan toʻldirishgan. Natijada, bu kabi holatlarning oldini olish, sanitariya-gigiyena hamda xalq salomatligini taʼminlash yoʻlida shunday qonunni amalga kiritishgan. Chunki yorliqni yulmaslik talabi ishlab chiqaruvchiga javobgarlik va masʼuliyat yuklaydi. Qarangki, biz uchun axmoqona boʻlib tuyulgan qonun aslida xalq manfaati uchun ishlab chiqilgan.

Biroq Oʻzbekistonda rostan axmoqona, bu ham yetmagandek, xalq manfaatlariga zid qonunlar odatiy holga aylanishi mumkin. Gap shundaki, hozirgi tartibga koʻra (har holda 2020 yil 15 dekabrda IIV matbuot kotibi Shohruh Gʻiyosov shunday degandi), ichki ishlar organlari davlat xizmatchisi boʻlgani bois, davlat xizmatchisini xohlagan odam, xohlagan vaqtda tasvirga olishi mumkin va bu tasvirni xohlagan platformaga qoʻyishi mumkin. Bu hech qayerda taqiqlanmagan (hozircha). Faqat taqiqlangan joyi shundaki, xodimlarning ishiga xalaqit berish kerak emas. Tamom.

Biroq ayni kunlarda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tasvirlarini internetga joylaganlik uchun jazo joriy etilishi mumkin.

Shu kunlarda Oliy Majlis Senatida yoʻl harakati xavfsizligini takomillashtirish maqsadida mavjud qonunchilikka ayrim oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish nazarda tutilgan qonun koʻrib chiqilmoqda. Biroq jamoatchilik va OAV vakillari bu loyihaga yoʻl harakati xavfsizligiga umuman aloqasi boʻlmagan boshqa bir cheklovni ham tiqishtirib yuborishga urinish boʻlayotganini payqab qolishdi. Ular Ichki ishlar, Milliy gvardiya, prokuratura, DXX kabi huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlarining tasvirlarini ham ularni obroʻsizlantirish maqsadida internet tarmogʻiga joylaganlik uchun jazoga tortishni koʻzda tutuvchi norma qoʻshib yuborilganidan ayniqsa norozi boʻlishmoqda.

Aniqroq aytadigan boʻlsak, barcha “mashmasha” – koʻrib chiqilayotgan qonun loyihasiga 1952-modda sifatida qoʻshimcha qilinayotgan quyidagi misralar ustida:

“Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining jamoat xavfsizligini taʼminlash bilan bogʻliq xizmat vazifalarini bajarishi chogʻida olingan foto- va videotasvirlarni ularni obroʻsizlantirish maqsadida, yaʼni yolgʻon, noaniq yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlarni Internet jahon tarmogʻiga joylashtirish – bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari miqdorida jarima solishga yoki oʻn besh sutka muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻladi”.

Faollar va keng jamoatchilik vakillari bu axmoqona taklifning deyarli har bir soʻziga eʼtiroz bildirishdi. Masalan:

“Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining” – yoʻl-transport hodisalariga barcha xodimlarning nima aloqasi bor?

“ularni obroʻsizlantirish maqsadida” – odamning koʻnglidagi maqsadini qayerdan bilish mumkin? Yoki “Maqsadmetr” oʻlchov asbobi yaratildiyu, biz bexabar qoldikmi?

“Internet jahon tarmogʻiga joylashtirish” – buni taqiqlash senzurani tiklaydi va konstitutsiyadagi soʻz erkinligi (har holda qogʻozda boʻlsa-da) deb atalmish huquqimizni buzadi. Agar kimdir tuhmat yoki haqorat qilsa, uni jazolash koʻzda tutilgan moddalar Jinoyat kodeksida va boshqa qonun hujjatlarida keragidan ortiq miqdorda! Organ xodimlari uchun alohida modda yaratish shartmi? Unda vrachlar, oʻqituvchilar, santexnik va hokazolar uchun ham alohida shunday moddalar kiritaylik!

“bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari miqdorida jarima solishga yoki oʻn besh sutka muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻladi” – bu jazoni qayerdan topishgan? Nimaga asoslanib? Odatda jinoyatning ijtimoiy xavfligiga qarab jazo tayinlanadi. Bu ahmoqona va mantiqsiz taklif boʻyicha zararni oʻlchash uchun “Zararmetr” ham yaratilganmi?

Shu bilan birga, bu kabi maqolalarga izoh yozganlardan birining tushuntirishicha, “organ” xodimi – bu ommaviy shaxs va uni suratga yo videoga olish qonun bilan taqiqlanmaydi. Agar bu xodim formasini yechgan holda, uyida choy ichib oʻtirgani suratga olib tarqatilsa, uning shaxsiy huquqlarini buzish, deya baholanishi mumkin. Oʻshanda ham mavjud qonunlar asosida “aybdor”ni jazolash uchun qonuniy hujjatlar yetarli.

Eng qizigʻi, faollar misol keltirganidek, avvallari suratga olingan huquqni muhofaza qilish xodimi nohaq boʻlsa, suratga olgan odam jazosiz qolar edi. Endi esa xodim nohaq boʻlsa-da, suratga olgan odam aybdor boʻlib chiqadi!

Qolaversa, Ichki ishlar idoralarida, ayniqsa, Yoʻl xavfsizligi idoralari xodimlari doimo ishlab turgan “bodikamera” bilan yurishlari lozimligi tegishli huquqiy normalar bilan mustahkamlab qoʻyilgan. Biroq bu kameralar amalga tatbiq etilganidan keyin aholida IIV xodimlarining adolatsizliklari ustidan shikoyatlar kamaymayotgani, korrupsiya va qonunga rioya etmaslik holatlari uchrayotgani bu kameralarning kerak paytda ishlab, kerak emas paytda “ishlamayotganidan” darak beradi. IIVning oʻzi bu muammoni hal qilishni eplay olmaganidan keyin, hech boʻlmasa, jamoatchilik nazoratiga toʻsqinlik qilmasa yaxshi boʻlar edi.

Albatta, kuzatuvchilarda “keng muhokamalar va keng jamoatchilik bilan maslahatlashuvlar oʻtkazildi” degan illyuziyani yaratish maqsadida OAV vakillarini yigʻib olib, muhokamalar oʻtkazildi. Ammo ularda jamoatchilik vakillarining fikrlari inobatga olinmadi va hatto tinglanmadi ham. Ayrimlarining soʻzlari va savollari boʻlib qoʻyilib, yosh bolaga qilinadigan munosabat bilan dakki berildi.

Bu mantiqsiz taklifning qonun boltasiga aylanmasligi uchun jon kuydirayotgan faollarning aytishicha, agar Senat ushbu loyihani qabul qilsa, Oʻzbekiston va uning prezidenti yillar davomida misqollab topgan xalqaro obroʻ va imij yer bilan yakson boʻladi, mamlakat politsiya davlatiga aylanadi. IIVning obroʻsi, senatdagilar daʼvo qilayotganidek, koʻtarilib qolmaydi, battar tushib ketadi. Hatto foto- va videoga ruxsat berilgan zamonda ham ayrim nopok IIV xodimlarining aybi bilan tuhmatlar uyushtirilayotgan (pogon yulish voqeasini eslang), odamlarning oʻligi chiqishi sistematik tus olayotgan (Boʻka va boshqa tumanlardagi fojialarni eslang) bizning jamiyatda bu ahmoqona qonun ayrim IIV xodimlarini battar “quturtirib” yubormasligiga kafolat yoʻq.

Eng qizigʻi, yana bir jamoatchilik vakilining yozishicha, “ushbu normani Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniyada mavjud shunga oʻxshash qonunlar bilan taqqoslashmoqda. Nimagadir biznikilar jarima qoʻllash, jazolash, taqiqlashga kelgandagina Yevropani esga olishadi. Ammo ulardagi sogʻlom fuqarolik muhitini shakllantirishda amalga oshirilgan ishlar haqida lom-lim deyishmaydi”.

Shuningdek, Senat keltirgan “xalqaro tajriba”ga oid qonunga misollarning ayrimlari bekor qilingan. Ayrimlari esa mutlaqo notoʻgʻri talqin etilgan. Ular mantiq fanidagi xulosa yasashda “tushunchalarni almashtirish” qoidasini yaxshi oʻzlashtirgan koʻrinishadi!

Afsuski, bir taniqli jurnalist aytganidek, bizda ahmoqona, aniqrogʻi, amaldagi qonunlarga, konstitutsiyaga va xalqqa qarshi qonun normasini oʻtkazish oson, lekin keyin uni bekor qilish qiyin yoki imkonsiz. Shunga oʻxshash, xalq emas, ayrim guruhlar manfaatiga xizmat qiluvchi ayrim ahmoqona qonunlar faqat prezident aralashuvi bilan bekor qilingani hamon yodingizda boʻlsa kerak.

Shu boisdan, mazkur vahshiyona taklif qabul qilinsa, unga bosh-qosh boʻlgan senator va deputatlarga aytar gapimiz bor: ehtimol siz, faqat xalq “uchun” chiqarilgan bu qonun menga zarar bermaydi, men elitadaman, deb kerilarsiz. Lekin mansab va vakolatni “boylab” bermagan. Ertaga mana shu axmoqona qonun “boltasi” biror qarindoshingiz, doʻstingiz yoki oʻzingizning boshingizga tushsa, mana shu kunlardagi “xezlangan” holatlaringizni bir eslab qoʻying. Lekin unda kech boʻladi. Qolaversa, shu qonun sababli, uning kasofati bilan ertaga yuz berajak har bir oʻlim va adolatsizlikda sizning ham ulushingiz borligini unutmang! Har bir toʻkilgan qon tomchisi sizning ham (xalq berayotgan vakolat va maoshdan semirgan) badaningizga sachramay iloji yoʻq.

Prezident ochiqlik va shaffolik uchun kurashayotgan va butun tizimni shunga moslashga, “Yangi Oʻzbekiston” qurishga intilayotgan, jurnalist va blogerlarni tinglang, deb turgan bir paytda ichki ishlar idoralarining konstitutsiyamiz va amaldagi qonunlarga zid bu normani tasdiqlatishga urinayotgani “bir qadam oldinga, toʻrt qadam orqaga” ketish deya baholanishi shubhasiz. Demakki, ayrim amaldorlar xalqning umid va hurmatini yoʻqqa chiqarishmoqchi, prezident siyosatini sabotaj qilishmoqchi!

Xullas, bu mantiqsiz va xalq manfaatiga zid qonun – IIV tizimidagi yiringlab yotgan muammolar – “jarohatlar”ni xaspoʻshlash uchun yaratilayotgan latta xolos. Ammo uning sassigʻini nima bilan yashirisharkin? Yana propaganda bilanmi? Yoki bir yolgʻonni yashirish uchun qirq yolgʻonni toʻqigan Afandiga oʻxshab, yana 40 ta shunday ahmoqona qonunlar ishlab chiqisharmikan? Undan koʻra tizimni isloh qilish, sogʻlomlashtirish kamxarj va osonroq kechmasmidi?

Abulfayz Sayidasqarov

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+