Madaniyat sohasi yagona axborot tizimi orqali raqamlashtiriladi
Vazirga koʻra, bu korrupsiyaviy omillarning oldini oladi.
Madaniyat vazirligida boʻlib oʻtgan yigʻilishda ayni paytda ishlab chiqilayotgan yagona axborot tizimi doirasida vazirlik tizimida boshqaruv jarayonlarini raqamlashtirish, tizim tashkilotlari pasporti va reytingini shakllantirish, moddiy texnika bazasi hisobini yuritish, inson resurslarini boshqarish, ijodiy faoliyatni tartibga solish va raqamlashtirishga doir taqdimot taqdim etildi.
Vazir Ozodbek Nazarbekov sohani raqamlashtirish orqali korrupsiyaviy omillarning oldini olish, tizimga doir maʼlumotlarni prognozlashtirish, olingan maʼlumotlar kelgusidagi rejalarni toʻgʻri shakllantirish imkonini berishini alohida taʼkidladi.
“Agar bu tizim ishga tushsa, qayerda gʻijjakchi koʻpayib ketyapti, qayerda dutorchilarni tayyorlash oqsayapti, barchasini besh qoʻlday bilishimiz va ushbu maʼlumotlar asosida davlat kvotalari miqdorini shakllantirish mumkin boʻladi. Qolaversa, sohadagi vaziyatni oldindan koʻra bilish, shunga qarab kelgusidagi rejalarimizni prognozlashtirish imkoniyati paydo boʻladi”, deya taʼkidladi Ozodbek Nazarbekov.
Yigʻilishda soʻzga chiqqan masʼullar sohani raqamlashtirish orqali vazirlik tomonidan koʻrsatiladigan bir qancha davlat xizmatlaridan onlayn foydalanish imkoni yaratilishi, bu yesa, davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, xalqimizni rozi qiladigan tizim yaratilishiga xizmat qilishini bildirishdi.
Yangi tizim toʻliq ishga tushgandan soʻng respublikadagi barcha musiqa va sanʼat maktablari, vazirlik tizimidagi oliy va oʻrta maxsus taʼlim muassasalaridagi oʻquvchi hamda talabalar, pedagoglarning tarkibi, ularning yerishgan natijalari, qaysi hududda sanʼatning qaysi turi rivojlanayotganiyu qaysi turi oqsayotganiga doir barcha maʼlumotlardan foydalanish mumkin boʻladi.
“Bu tizim respublikamizdagi yosh isteʼdodlarni kuzatib borish, munosib ragʻbatlantirish, tanish-bilishchilik va boshqa omillar tufayli ular yarim yoʻlda rivojlanmay qolib ketmasligi, kelgusida sanʼat va madaniyat yoʻnalishidagi oʻrta maxsus yoki oliy taʼlim muassasalariga faqat munosib nomzodlar qabul qilinishiga yerishish uchun ham muhim. Isteʼdodlarni turli qingʻirliklar qurboni boʻlishdan asrab-avaylashimiz kerak. Bu jarayonda esa raqamlashtirishning oʻrni juda muhim. Kelgusida yangi tizim ishga tushgach, hududlarga borib mutasaddilarga eng isteʼdodlari yoshlarni koʻrsating deyishimizga hojat qolmaydi, qoʻlimizda bu maʼlumot boʻladi. Masʼullar ham “oʻzinikini” bizga “eng yaxshilar” sifatida taqdim eta olmaydi”, deydi madaniyat vaziri.
Yigʻilishda vazirning birinchi oʻrinbosari Avazxon Tadjixanov, vazir oʻrinbosari Murodjon Madjidov va boshqa mutasaddilar yangi axborot tizimini takomillashtirish, uning muayyan qismidan aholi foydalanishi uchun imkoniyat yaratish boʻyicha oʻz taklif va mulohazalarini bildirishdi.