platina.uz
Jamiyat

Iflos havo odamga qanchalik taʼsir qiladi?

Poytaxtdagi notoza havo va undan himoyalanish choralari kun tartibiga chiqmoqda. 

Iflos havo odamga qanchalik taʼsir qiladi?

Toshkentda bir necha kundan beri tumanli notoza havo kuzatilyapti. Ammo bu tuman avvalgilariga oʻxshamaydi. Shaharda yashovchi aholining ijtimoiy tarmoqlardagi fikrlariga koʻra, “tuman”da tutun aralash hid sezilmoqda.

Ahvol qanchalik yomonligini aholining ijtimoiy tarmoqqa joylayotgan video va fotosuratlaridan hamda nafas olishda boʻlayotgan muammolardan anglash mumkin. Ekofaollar buni “smog” (aynan mana shu taʼriflarga mos inglizcha atama) deb atashmoqda.

Atmosfera havosi ifloslanishi bugungi kunda global muammoga aylanmoqda, ifloslanish yuzasidan Sanitariya-epidemiologiya qoʻmitasi iflos havoning organizmga taʼsiri va mutaxassislarning tibbiy tavsiyalari bilan boʻlishdi.

“Soʻnggi vaqtlarda Toshkent havosi tarkibida PM2.5 dispers zarrachalari meʼyoridan bir necha oʻn barobar koʻpayganligi muhokama mavzusiga aylandi.

Xoʻsh, atmosfera havosining ifloslanishi inson organizmga qanday taʼsir qiladi?

Atmosfera havosidagi RM2,5 deya nomlanadigan muallaq zarrachalar nafas yoʻliga ham oʻtadi. Chunki ular gaz almashinuvi sodir boʻladigan alveolalar va oʻpka kapillyarlariga kirib, tizimli qon oqimiga kirib, turli organlarga kirib, turli toʻqimalarning hujayralariga bevosita mahalliy taʼsir koʻrsatadi.

Mayda dispers zarrachalar hujayra membranalariga kirib borish qobiliyatiga ega. Bundan tashqari, ularning organlar va toʻqimalarda surunkali toʻplanishi xavfi mavjud. Atmosfera havosida RM10 va RM2ning yuqori konsentratsiyasiga uzoq muddatli taʼsir qilish yalligʻlanish, kanserogen, teratogen, sitotoksik taʼsirga yega boʻlib, allergopatologiyaning rivojlanishiga hissa qoʻshadi va insonning umr koʻrish davomiyligiga taʼsir qiladi.

Mutaxassislar PM2.5 dispers zarrachalaridan himoyalanish boʻyicha qanday tibbiy tavsiyalar berishadi?

Xona yoki inshootlarning pol va tokchalari, ular ichidagi buyum hamda ashyolarni nam latta bilan tozalab turing. Uy yoki bino ichiga, atrofiga suv solingan idishlar qoʻyish chang darajasini pasaytirishga xizmat qiladi. Qolaversa, nam sochiqlarni osib qoʻying.

Derazalarni yopiq holda saqlash. Ayniqsa, kechasi va erta tongda eshik va oynalarni zichlab yoping!

Koʻproq suv iching!

Ochiq havoda harakat qilishni cheklang!

Tez-tez dush qabul qiling! Ayniqsa, tashqaridan uyga kirgach, bu jarayon nafas olishni yengillashtiradi.

Ogʻiz va burun boʻshligʻini tuzli eritma bilan yuvib tashlang!

Nafas olish tizimi kasalliklariga chalinganlar tibbiy niqobdan foydalanishlari va ularni har 2 soatda almashtirishlari zarur!

Koʻzlarni yuvish tavsiya etiladi. Ayniqsa, linzadan foydalanuvchilar uchun bu juda muhim.

Xalqaro darajamiz qanday?

18 yanvar, soat 13:30 holatiga koʻra, Toshkent IQAir saytida havo iflosligigi darajasi boʻyicha 143 ball bilan 10 oʻrinni egallab turibdi. Bu ob-havo sharoitiga koʻra nozik boʻlgan shaxslar uchun nosogʻlom havo sharoitini ekanligini koʻrsatadi. Shu sababli nafas olish tizimi kasalliklarga chalinganlarning sogʻligida muammolar boʻlishi mumkin.

Qoʻshnilarimiz boʻlgan Qozogʻistonning Ostona shahri 50 ball bilan 59 oʻrin “yaxshi” darajani, Qirgʻizistonning Bishkek shahri 57 ball bilan 55 oʻrin “oʻrtacha” darajani koʻrsatmoqda.

Gidrometeorologiya nima deyapti?

Gidrometeorologiya xizmati agentligi ushbu kunlarda avtotransport va sanoat korxonalari chiqindilari ruxsat etilgan meʼyordan oshmaganligini bildirdi. Brifing bayonotiga koʻra, “2024 yil 18 yanvar soat 09:00 dagi Atmosfera havosi monitoringi avtomatik stansiyalari maʼlumotlariga koʻra, Toshkent shahrining atmosfera havosidagi
PM10 dispersli zarrachalarining miqdori 55,3 mkg/m3 ni tashkil etdi, SanEQvaN 0293-11 (500 mkg/m3) boʻyicha ruxsat etilgan meʼyordan oshmadi.

PM2,5 mayda dispersli zarrachalar miqdori 44,6 mkg/m3 ni tashkil yetdi, JSST tavsiyalaridan (5 mkg/m3) 8,9 marta oshdi.

Uglerod oksidi CO (avtotransport va sanoat korxonalari chiqindilari) 2,4 mg/m3 ni tashkil etdi, SanEQvaN 0293-11 (5 mg/m3) boʻyicha ruxsat etilgan meʼyordan oshmadi.”

Hukumat munosabati

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 17 yanvar kuni boʻlib oʻtgan yigʻilishda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimovni Oʻzbekistonda, jumladan, Toshkent shahrida atmosfera havosi ifloslanishining oldini olish boʻyicha olib borilayotgan ishlar haqida hisob berishi uchun chaqirtirish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.

Toshkent shahrida yanvar oyida havodagi mayda PM2,5 zarrachalarining miqdori oʻrtacha 45 mkg/m3 ni tashkil etgani, bu Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tavsiyalaridan (5 mkg/m3) bir necha baravar yuqori ekanini va 2019 yilda «Atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisida»gi qonun qabul qilinishiga qaramay, vaziyat ogʻirlashayotganini va soʻnggi paytlarda poytaxtdagi havoning ifloslanishi muhokama mavzusiga aylandi deya taʼkidlaydi Qonunchilik palatasi spikeri oʻrinbosari, Ekologiya partiyasi fraksiyasi rahbari Xayrullo Gʻafforov.

Shuningdek, u Toshkent shahri dunyoda havo ifloslanishi darajasi boʻyicha yuqori oʻrinni egallab turganini ham aytib oʻtdi.

Fazilat Soib

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid