Chetdan keladigan baʼzi mahsulotlar bojdan ozod etilmoqda
Ushbu imtiyoz 2026 yil 1 martgacha amal qiladi.

Prezident farmoniga koʻra, Oʻzbekistonda ishlab chiqarilmaydigan ayrim mahsulotlar bojlardan ozod etiladi.
Jumladan, 2024 yil 1 martdan 2026 yil 1 martgacha tadbirkorlar tomonidan Oʻzbekiston hududiga olib kiriladigan oʻxshashi respublikada ishlab chiqarilmaydigan quyidagi tovarlar bojxona bojlari toʻlanishidan ozod etiladi:
- mehmonxona va boshqa joylashtirish vositalari, savdo-koʻngilochar majmualarini qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlash uchun asbob-uskunalar, texnika, xomashyo, butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlar, mebel va inventarlar, qurilish materiallari va boshqa materiallar;
- choʻmilish havzalari (basseyn) va akvaparklar uchun moʻljallangan asbob-uskunalar, jihozlar, turniketlar, toʻlov-maʼlumot terminallari, videokuzatuv tizimlari, yangi zamonaviy energiya tejovchi tizimlar, maxsus suv tozalash filtrlari;
-turizm markazlarida joylashgan zargarlik va oltin mahsulotlari chakana savdosi doʻkonlari faoliyatini tashkil qilish uchun kerak boʻladigan qurilish (rekonstruksiya va modernizatsiya qilish) materiallari, asbob-uskunalar va texnologiyalar;
Moʻynoq va Zomin aeroportlariga parvozlar amalga oshirilganda 23 yoshgacha boʻlgan yoshlar, yoshga doir pensiya va nafaqa oluvchilar, nogironligi boʻlgan shaxslar uchun aviayoʻlovchilar chiptalarini sotish 50 foizlik imtiyozli tariflar boʻyicha amalga oshiriladi hamda yoʻlovchi tashuvchi kompaniyalarning ushbu imtiyoz taqdim qilish bilan bogʻliq xarajatlari byudjet hisobidan qoplab beriladi.
Mehmonxona va turizm xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha davlat aktivlarini savdoga chiqarishda xarid toʻlovlarini, miqdoridan qatʼi nazar, 5 yilgacha boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati nazarda tutiladi hamda 3 oydan ortiq muddat sotilmasdan turgan aktivlarning boshlangʻich bahosini 30 foizgacha pasaytirish, zarur hollarda, balans (qoldiq) qiymatida sotish choralari koʻrib boriladi.