10 nafar hokimga chora koʻriladi
Ayrim hududlarda eksport oldingi yil koʻrsatkichining yarmiga ham yetmagan.

Prezident yigʻilishda oʻn nafar hokimga chora koʻrish boʻyicha topshiriq berdi. Davlat rahbari eksport sohasidagi ishlar ahvolini tahlil qildi. Kompleks rahbariyati va hokimlarning 2024 yil uchun eksport rejasi yetarli emasligi qayd etildi.
Iqtisodiyotimizni yangi bosqichga olib chiqish uchun, eksportni yiliga kamida 30 foizga oshirib borishimiz zarur
- dedi Prezident.
Lekin, oʻtgan yili 2 ta drayver tarmoq va 4 ta hududda 2022 yilga nisbatan eksport hajmlari kamaydi. Shuningdek, 10 ta tuman va shaharda eksport oldingi yil koʻrsatkichini yarmiga ham yetmadi.
Shu munosabat bilan Bosh vazirga Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy viloyatlari hokimining investitsiya boʻyicha oʻrinbosarlari hamda 10 ta tuman va shahar hokimiga nisbatan intizomiy chora koʻrish topshirildi.
Meva-sabzavot eksporti uchun xorijiy davlatlarning fitosanitar ruxsatlari olinganiga qaramasdan, ulardan toʻliq foydalanilmayapti. Masalan, Yaponiyaga 58 turdagi meva-sabzavotga fitosanitar ruxsat olingani bilan, 52 turi boʻyicha, Hindistonga 38 tadan 32 tasi, Pokistonga 22 tadan 18 tasi, AQShga 15 tadan 11 tasi boʻyicha eksport boʻlmadi.
Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi va hokimlarning investitsiya boʻyicha oʻrinbosarlari oʻrtasida mahsulotlar eksportini tashkil qilish boʻyicha hamkorlik yoʻqligi tanqid qilindi. Endilikda agentlik nafaqat fitosanitar ruxsat olish, balki qishloq xoʻjaligi eksportini tashkillashtirish uchun ham masʼul boʻladi. Buning uchun karantin tizimi, ish uslubi va yondashuvlari toʻliq oʻzgaradi.
Eslatib oʻtamiz, 16 yanvar kuni oʻtkazilgan yigʻilishda ham sakkiz nafar hokim ishdan olinishi haqida ogohlantirilgandi.