"Paxtakor" sotuvga qoʻyildi
Xaridorga bir qancha talablar qoʻyilgan.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi "Paxtakor futbol klubi" masʼuliyati cheklangan jamiyatining 100 foiz davlat ulushi savdoga chiqarilganini maʼlum qildi.
Klubni sotib oluvchi xaridor keyinchalik quyidagi talablarga rioya qilishi kerak boʻladi:
- futbol klubining faoliyatini saqlab qolish, rivojlantirish va xalqaro darajaga olib chiqish;
- futbol klubi balansidagi barcha sport obʼektlaridan, shu jumladan, futbol maydonidan faqatgina sport faoliyati yoʻnalishlarida foydalanish;
- "Paxtakor" futbol klubi akademiyasi faoliyatini saqlab qolish va rivojlantirish.
Aktivni sotish ikki bosqichda oʻtkaziladi.
Bunda:
- birinchi bosqichda – talabgorlar oldindan malakalanadi (saralanadi), jumladan, savdolarda qatnashish uchun talab qilingan hujjatlarning toʻliqligi, zakalat puli kelib tushganligi, davlat aktividan kelgusida foydalanish yoʻnalishlariga qoʻyilgan talabga nisbatan talabgor tomonidan taklif etilgan biznes konsepsiyasi loyihasining maqbul yoki maqbul emasligi, talabgor va ular bilan bogʻliq boʻlgan shaxslardan hech biri Yevropa Ittifoqi va AQShning, shuningdek yirik xalqaro moliya institutlarining sanksiyalari roʻyxatiga kiritilmaganligi, shuningdek kelajakda bunday roʻyxatlarga kirish ehtimolining pastligi koʻrib chiqiladi;
- ikkinchi bosqichda – talabgorning tijorat takliflari (sotib olish narxi va toʻlovni amalga oshirish muddati), zakalat puli miqdori (narx taklifining kamida 5 foizini tashkil etishi) hamda toʻlov qobiliyati baholanadi.