Prezident byudjet pulini oʻmarganlar haqida gapirdi
1,2 trillion soʻmlik noqonuniy xarajat hamda 200 milliard soʻmlik kamomad va oʻgʻriliklarga yoʻl qoʻyilgan.
Bugun boʻlib oʻtayotgan selektorda Shavkat Mirziyoyev byudjet pullarini oʻmarganlar haqida gapirdi.
Oʻtgan yili byudjetdan 1,2 trillion soʻmlik noqonuniy xarajat hamda 200 milliard soʻmlik kamomad va oʻgʻriliklarga yoʻl qoʻyilgani aniqlangan.
Masalan, Jizzax politexnika institutida haqiqatda ishlamagan 110 nafar fuqaroga, qariyb 10 milliard soʻm ish haqi hisoblab, noqonuniy oʻzlashtirilgan.
Yoki, Namangan, Surxondaryo va Fargʻona viloyatlari “Yagona buyurtmachi xizmati” kompaniyalari 18 ta obʼektda amalda bajarilmagan 50 milliard soʻmlik ishlarni hisobotlarga qoʻshib yozgan.
Sergeli obodonlashtirish boshqarmasida aslida ishlamagan xodimlarga 4,3 milliard soʻm toʻlangan.
Qoʻshrabot taʼlim boʻlimi buxgalteri tomonidan 3 milliard soʻm naqd pul va 1,5 milliard soʻm mablagʻ plastik karta orqali noqonuniy oʻzlashtirilgan.
"Oʻzgidromet" rahbariyati byudjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan asossiz 1,3 milliard soʻm ssuda olgan, shuningdek, oʻzlariga bir necha karra koʻp mukofotlar yozib kelgan.
Davlat tashkilotlari rahbarlari oʻzlariga asossiz ravishda mukofotlar va boshqa moddiy ragʻbatlantirish pullarini yozib kelayotgani bilan bogʻliq holatlar tekshiriladi va mablagʻlarning byudjetga qaytarilishi taʼminlanadi.
Prezident avvalroq sakkiz hokimni ishdan olish masalasini oʻrganishni topshirgandi.