Departament faoliyati kuchaytirilyapti
Uning rahbari bir vaqtning oʻzida Bosh prokuror oʻrinbosari boʻladi.

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti faoliyati kuchaytirilyapti.
Endi departament chuqur tahlil, tezkor-qidiruv, taftish va oʻzi tergov qiladigan idoraga aylanadi. Uning rahbari bir vaqtning oʻzida Bosh prokuror oʻrinbosari boʻladi.
Shuningdek, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi ham departamentga oʻtkaziladi.
Prezident yigʻilishda inspeksiya faoliyati mutlaqo qoniqarsiz ekanini aytdi. U faqat kamchilik aniqlaydigan idoraga aylanib qolgani, profilaktika bilan esa ishi yoʻqligi, tizimida korrupsiya ulushi yuqoriligini tanqid qildi.
Endilikda Hisob palatasi xodimlari byudjetdan eng koʻp mablagʻ oladigan 12 ta vazirlikka biriktiriladi. Vazirliklarning har bir xarajati ular bilan kelishilgandan keyin amalga oshirilishi belgilandi.