platina.uz
Jamiyat

Jamoatchilik vs. Senat: negadir parlament qonunga zid loyihani zoʻr berib yoqlamoqda

Aynan shu mavzu uchun Senat 3 marta yigʻilish oʻtkazdi. Jurnalistlar va jamoatchilik parlamentni keskin tanqid qildi va qoralab chiqdi.

Jamoatchilik vs. Senat: negadir parlament qonunga zid loyihani zoʻr berib yoqlamoqda

Qonunchilik palatasi deputatlari qonunga zid qonun loyihasini tasdiqlab, Senatga yuborgani jamoatchilikda katta eʼtirozlarga sabab boʻlgandi. Koʻpchilik hatto senatorlarga umid bogʻlab, ular qonunni maʼqullamasliklariga ishonishgandi.

Ammo soʻnggi bir hafta davomida Senat aynan shu loyihani shu qadar zoʻr berib yoqlamoqda. Aynan shu mavzu uchun 3 marta yigʻilish oʻtkazdi. Jurnalistlar va jamoatchilik Senatning bu vaziyatini keskin tanqid qildi va qoralab chiqdi.

Davletovuz kanali:

"Aftidan, senat ham mamlakatdagi ochiqlik siyosatiga mutlaqo teskari boʻlgan qonunni maʼqullaydigan koʻrinadi. Qonunning masʼul qoʻmitadagi dastlabki muhokamalari shunday xulosaga undayapti. Qonun normasini oqlab beradigan, hujjat aslida “ezgu maqsad”ni koʻzlagani haqida xorij tajribasidan misollar keltirishibdi. Senatdan umid kutgan bizda ayb oʻzi.

Eslatib oʻtamiz, qonun kuchga kirsa, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining oʻz xizmat vazifalarini bajarishlari bilan bogʻliq maʼlumotlarni ularni obroʻsizlantirish yoki haqorat qilish maqsadida Internet axborot tarmogʻida joylashtirish bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari miqdorida jarima solishga yoki oʻn besh sutka muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻladi. Yaʼni ularda fuqaroni qoʻrqitishga, oʻz xatti-harakatlarini xaspoʻslashga qoʻshimcha richag paydo boʻladi.

Senat mutasaddilari ichki ishlar tizimi emas, parlament vakillari ekanligini esdan chiqarmasa yaxshi boʻlar edi. Oʻzi umuman, asosan yaxshi gʻoyaga ega qonunning bunday tarzda maʼqullanishini ikkiyuzlamachilik, vaziyatdan foydalanishga urinish, deb baholagan boʻlar edik. Nazarimizda, hujjat boshidan shu maqsadni koʻzlab ishlab chiqilgan va mutlaqo aloqasi yoʻq qonunga tiqilgan.

Yana bir masala, senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi raisi bu hujjat muhokamasida xolislik yoki manfaatlar toʻqnashuvi nuqtai nazaridan ishtirok etishi notoʻgʻri. Qonunni boshqa qoʻmita koʻrishi, jamoatchilik bilan muhokamada “ton”ni oʻzgartirish lozim. Senat jamoatchilikka aql oʻrgatishga maʼnaviy haqqi yoʻq".

Xushnudbek Xudoyberdiyev:

"Yodingizda boʻlsa, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini video yoki rasmga olib, ularni obroʻsizlantirish maqsadida internetga joylashni taqiqlash haqidagi qonunni deputatlarimiz miq etmasdan tasdiqlab bergan edi. Mana, endi qoʻl koʻtarish navbati janob senatorlarga kelibdi.

Shu oʻrinda senatorlarga baʼzi savollarim bor edi:

Ushbu qonun mantiqsizligini Senat saytida berilgan statistika koʻrsatib turibdi.

Aytilishicha, 2022 va 2023 yillarda, yaʼni 2 yilda fuqarolar tomonidan atigi 253 marta YPX inspektorlarining foto/videosi internetga tarqatilibdi. Shundan 102 tasida, yaʼni 40% holatda haydovchilar oʻzi aybdor boʻla turib, YPX inspektori harakatini notoʻgʻri izohlagan emish. Demak, qolgan 60% holatda YPX inspektorlarining oʻzi aybdor boʻlganmi? Agar kattaroq muammo haydovchilarda emas, koʻproq YPX inspektorlarida ekan, unda dagʻdagʻa va qamoq bilan qoʻrqitishni fuqarolarga emas, organ xodimlarining oʻziga qilish kerakdir balki?

Bundan tashqari, har qanday qonun qabul qilinishi uchun katta ijtimoiy ehtiyoj kerak. Butun boshli 36 mln. aholisi bor davlatda 2 yil ichida atigi 102 tagina holat boʻlgani uchun, butun boshli qonun qabul qilishga uyalmaysizlarmi? Yoki umumiy holatning hatto 50% i ham chiqmaydigan vaziyatda fuqarolarni qamoqqa tiqishga asos boʻladigan yangi javobgarlik oʻylab topish uchun vijdonlaringiz qiynalmayaptimi?

Va yana bundan tashqari, oʻsha 102 ta holatda fuqarolar YPX inspektori haqida yolgʻon maʼlumot aytgan boʻlsa, unda amaldagi qonunchilikda shundoq ham buning uchun tuhmat yoki haqorat degan ayblovlar bor-ku, oʻsha bilan javobgarlikka tortaveringlar, bor narsaga dublikat qilib yangi modda kiritishga balo bormi? Mundoq bir Kodekslarimizni, qonunlarimizni ham oʻqib turasizlarmi oʻzi?

Xullas, senatorlardan qonunni qaytarishni umid qilgan biz ahmoq. Janob senatorlarimizga yuqori baho berib yubordik shekilli. Afsus, ming afsus...

Bugun Senatda yigʻilish boʻldi. Yigʻilish avvalida yoʻllarimizda avariyalar va oʻlimlar soni kattaligi uchun ushbu qonunni qabul qilish kerak, deb chalgʻituvchi maʼlumotlar aytildi. Vaholanki, eʼtiroz bildirilayotgan organ xodimlarining foto/videosini internetga joylashni taqiqlovchi qonunga avariyalar va oʻlimlarning bir gramm ham aloqasi yoʻq!

Oʻzi umuman Senatdagi bugungi yigʻilish mazmuni koʻproq qonunni himoya qilish, uni toʻgʻriligini taʼkidlash va eng qizigʻi jurnalist va blogerlarga dakki berish uchun tashkil qilinganday tuyuldi. Savol bergan jurnalist va bloger borki, deyarli barchasi Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi raisidan dakki eshitib oldi. Savollarga ham aniq dalillar va faktlar bilan batafsil javob qaytarilmadi, uzuq-yuluq gaplar aytish bilan cheklanildi. Ayrim savollar butunlay javobsiz qoldi.

“Siz tushunmaysiz, siz bilmaysiz, siz nimalar deyapsiz oʻzi, siz unaqa demang, siz bunaqa demang, bunaqa deyishga haqqingiz yoʻq”, degan gaplar aytildi.

Xullas, ajoyib yigʻilish haqida koʻp gapirsa boʻladi, lekin eng muhim joyiga eʼtiboringizni qaratmoqchiman.

Masʼullar va taklif qilingan ekspertlar xalqning aksariyat vakillari Qonunchilik palatasi qabul qilgan bu qonunni oʻqimasdan, tushunmasdan tanqid qilayotganini aytib, dakki berishdi, ayniqsa ayrim blogerlarga eʼtiroz bildirishdi. Ayniqsa, yuridik oliygohlardan kelgan professor-oʻqituvchilar qonunni maʼqullashda juda faol boʻlishdi va 90% dan koʻproq odamni qonunni oʻqimasdan yozishda ayblashdi.

Jamoatchilikni tushunmaslikda, oʻqimaslikda ayblayotganlarga boshqa savolim bor:

❓Baraka topgurlar, xoʻp, xalq qonun matnini qayerdan oʻqisin? Qayerdan koʻrib, tanishsin?

❓Qonunchilik palatasi qabul qilgan qonunlarini eʼlon qiladimi? Yoʻq!

❓Senat koʻrib chiqayotgan yoki hattoki maʼqullagan qonun matnlarini eʼlon qiladimi? Yoʻq!

❓Yoki aynan shu qabul qilingan qonun matnini Ichki ishlar vazirligi eʼlon qildimi? Yoʻq!

Abdulla Oripov sheʼrida hovuzdagi tilla baliqcha shu koʻlmagini butun dunyo deb bilganidek, jamoatchilikni tushunmaslikda ayblayotgan hurmatli professorlar ham oʻzi ekspert sifatida qonunni oʻqib koʻrgani uchun, 36 million oʻzbekistonlikda ham shunaqa imkoniyat bor deb oʻylayapti. Ammo ming afsuski, unaqa emas. Xalqda bunaqa imkoniyat yoʻq.

Jamoatchilik toki qonun imzolanib, rasman eʼlon qilinmaguncha hech qayerdan qonun matnini topa olishmaydi (bir-ikkita oʻta ahamiyatli qonunlar bundan mustasno).

Parlament uchun qachon ochilish vaqti kelarkin?

Ogʻzimizni toʻldirib xalqni ayblashdan oldin, balki oʻzimiz yetarli axborot berishni boshlarmiz?

Qonun matnini bugun toʻliq oʻqib koʻrishga imkonim boʻldi (bungacha faqat Qonunchilik palatasi majlisidagi muhokamani koʻrgandim) va yurist hamda axborot sohasi vakili sifatida aytishim mumkinki, ushbu qonunning aynan foto va videoni tarqatishga oid qismi qabul qilinishi juda katta xato boʻladi. Bu ochiqdan-ochiq haqiqatga qarshi kurashuvchi qonun boʻladi, chunki bizda yolgʻon axborotni jazolovchi qonunlar shundoq ham bor."

@media24uz kanali:

"Ichki ishlar vazirligi amaldagi Konstitutsiya va "Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida"gi qonunga qarshi chiqmoqda, Senat bunga nima derkin?

Gap yaqinda katta muhokamalarga sabab boʻlgan norma haqida. Yaʼni Qonunchilik palatasi deputatlari huquqni muhofaza qiluvchi xodimlarni tasvirga olganlarni 15 sutkagacha qamab qoʻyish haqidagi qonun loyihasini maʼqullab, Senatga yuborishgan.

Ichki ishlar organlari haqidagi qonunning 9-moddasi quyidagicha:
"Ichki ishlar organlari oʻz faoliyatini ochiq va shaffof tarzda, davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, boshqa tashkilotlar va fuqarolar, shuningdek ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikda amalga oshiradi.

Jismoniy va yuridik shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda ichki ishlar organlarining faoliyati haqida, shuningdek jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlariga bevosita daxldor boʻlgan haqqoniy axborotni olish huquqiga ega, foydalanilishi qonun bilan cheklangan axborot bundan mustasno".

Konstitutsiyaning 33-moddasi:
"Har kim fikrlash, soʻz va eʼtiqod erkinligi huquqiga ega. Har kim istalgan axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga ega".

IIV maʼmuriy va jinoiy kodekslarga yoʻl harakati boʻyicha oʻzgartishlar kiritish bahonasida shu kichik normani ham tiqib ketgan. Ularning ustamonligi shu yerda bilinadi. Agar bu loyihani Senat qaytarsa, yoʻl harakati boʻyicha jarima ballariyu boshqa qoidalar ham birga ortga suriladi.

Jarima ballari oʻzi shundogʻam 1 yilga kechikkan. IIV nega kechikkanini izohlashni istamagan, davlat rahbari topshirigʻini bajarmaganiga joʻyali bahona topolmagan. Balki bir yil davomida aynan shu 15 sutkalik normani qoʻshishni oʻylagandir.

Endi Senat oʻzida kuch va jurʼat topib, ana shu kichik qoidani bekor qilishi, qonun loyihasini qaytarishi kerak boʻladi. Axir senatorlar Konstitutsiya va qonunga zid, prezidentning ochiqlik siyosatiga qarshi va qolaversa, kodekslarda bir necha marta takrorlanuvchi normani tasdiqlamasa kerak".

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid