NATO oʻrinbosari: "Ukraina mojarosi 2025 yilda ham tugamaydi..."
Amaldor uzoq muddatli urushga tayyorlanishga chaqirdi.

NATO bosh kotibi oʻrinbosari Mircha Joanening fikricha, Rossiya va Ukraina oʻrtasidagi harbiy mojaro 2025 yilda ham davom etishi mumkin. Shu bilan birga, u NATO davlatlari mamlakatning mudofaa qobiliyatini taʼminlash uchun Ukrainaga yordam berishda davom etishini taʼkidladi.
“Mening chaqiruvim uzoq urushga tayyorlanish boʻyichadir, u hali davom etadi. Uning tugashi 2024 yilda, ehtimol 2025 yilda ham sodir boʻlmaydi. Biz hech qayerda u yoki bu tarzda hal qiluvchi gʻalabaga erishish uchun harbiy qobiliyatni koʻrmayapmiz. Biz kichik hujumlar, qarshi hujumlar, hududlarni bosib olish va yoʻqotish bilan uzoq davom etadigan urushni kutmoqdamiz”, dedi Joane Ruminiyaning Digi24 telekanaliga bergan intervyusida.
Mircha Joanening soʻzlariga koʻra, NATO AQSh Kongressi hali ham Ukraina uchun mablagʻ ajratilishini maʼqullashiga ishonadi. U shuningdek, Ukraina ittifoqchilarining Kiyevga moliyaviy yordam koʻrsatish borasida hech qanday muammo koʻrmayotganini taʼkidladi.
Eslatib oʻtamiz, 2023 yil iyulida Vilnyusda boʻlib oʻtgan NATO sammitida alyansga aʼzo davlatlar Ukrainani uzoq muddatli qoʻllab-quvvatlash dasturini qabul qildi, xususan, Ukraina armiyasini modernizatsiya qilish va NATO standartlariga toʻliq oʻtish uchun yiliga 500 million dollar ajratadi. Bundan tashqari, mamlakatlar Ukrainaning NATOga kirish yoʻlini soddalashtirishga kelishib oldilar.
Avvalroq Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Oʻzbekistonga tahdid xususida gapirgandi.